07/08/2015
O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasining IV – Qurultoyi haqida

 

 

IMG_5902O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2014 yilda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma'ruzasida, ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy himoya qilish chora-tadbirlarini keng ko‘lamda amalga oshirish masalalari alohida ta'kidlandi va bu kasaba uyushmalari zimmasiga katta mas'uliyat yukladi.

Zero, millionlab mehnatkashlarni o‘z saflariga birlashtirgan ommaviy jamoat tashkiloti hisoblanmish kasaba uyushmalari mamlakatimizda olib borilayotgan odilona siyosatni qo‘llab-quvvatlabgina qolmay, iqtisodiy islohotlarni izchil amalga oshirishda yelkadosh bo‘lib kelmoqda.

Ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tuman, shahar tashkilotlari yuqorida qayd etilgan davr maboynida, asosan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari va tegishli me'yoriy hujjatlari hamda kasaba uyushmalari Federatsiyasining V Qurultoyida qabul qilingan hujjatlarga amal qilgan holda mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bilan birga quyidagi masalalariga alohida e'tiborini qaratib keldi:

-ta'lim tizimida olib borilayotgan islohatlarni amalga oshirish, pedagogik kadrlar statusini oshirish, kasaba uyushma a'zolarini ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish, daromadlarni tartibga solish, mehnatga haq to‘lash va uni me'yorlashtirish borasida jamoatchilik nazorati olib borildi;

-O‘zbekiston Konstitutsiyasining mazmun va mohiyatini chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish, kasaba uyushma a'zolarining huquqiy savodxonligini oshirish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish yuzasidan bir qancha ishlar amalga oshirildi. Natijada fuqarolardan tushayotgan ariza, shikoyatlarning soni kamaydi. Tarmoqda fuqarolar murojaati bilan ishlashni yanada kuchaytirish maqsadida “Ishonch” telefoni joriy qilindi;

-tarmoq tashkilotlarida mehnat muhofazasi xizmatlari tashkil etilgan bo‘lib, jamoa shartnomalariga mehnat muhofazasi bitimlari tadbirlari ilova qilingan va ularning bajarilishi ta'minlanmoqda. Natijada baxtsiz hodisalar sonini sezilarli darajada kamaydi;

-“Ustoz-shogird” tizimi doirasida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish va bitiruvchilarni ishga joylashtirish, xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida tegishli  mutasaddi tashkilotlar bilan keng hamkorlik yo‘lga qo‘yildi;

-kasaba uyushma tashkilotlarida madaniy-ma'rifiy, targ‘ibot-tashviqot ishlari bilan birga har oyda bir marta “Ma'naviyat soatlari” o‘tkazilishi tashkil qilindi. Barcha muassasalarda ommaviy sport musobaqalari, madaniy-ma'rifiy tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi;

-intellektual salohiyat va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan, o‘z kasbining chuqur bilimdoni, insonparvarlik, poklik va rostgo‘ylik fazilatlari bilan qurollangan kasaba uyushmasining kadrlar zahirasi yaratildi, ularni muntazam ravishda amaliyot o‘tash tizimi joriy etildi; 

-2011 yil iyul oyida Respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni e'tiborga olib, tashkiliy va moliyaviy jihatdan kuchli kasaba uyushmasini barpo etish va shu asosda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoyalashni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston ta'lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi va O‘zbekiston madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi qo‘shilish yo‘li bilan qayta tashkil etilib, ularning asosida yagona kasaba uyushmasi tashkil qilindi;

-kasaba uyushmasi O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi deb nomlanib, Ustavi va Ramzi tasdiqlandi;

-kasaba uyushmasi tuman, shahar birlashgan qo‘mitalari tuman, shahar kengashlariga aylantirildi;

-xududiy kasb-hunar ta'limi birlashgan kasaba uyushma qo‘mitalari faoliyati tugatilib, ularning kasaba uyushma xizmatida bo‘lgan litsey, kasb-hunar kollejlari kasaba uyushma tashkilotlarini tegishli tuman, shahar kengashlari kasaba uyushma xizmatiga o‘tkazildi.

Bu holat kasaba uyushmasi faoliyatining yaxshilanishi, ortiqcha sarf xarajatlarning kamayishi va pirovardida kasaba uyushmasi mablag‘laridan samarali va tejab-tergab foydalanishga hamda bo‘sh qolgan mablag‘larni boshlang‘ich tashkilot va uning a'zolarini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish imkonini berdi.

Shuningdek, boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini kuchaytirishga a'lohida e'tibor qaratildi. So‘nggi yillarda ilk marotaba ularning faoliyatlari inventarizatsiyadan o‘tkazildi. Boshlang‘ich tashkilotlarga kasaba uyushma xizmati ko‘rsatishni tartibga solish maqsadida 2001 yildan amalda bo‘lgan “Kasaba uyushmalari kartasi” 2011 yilda yangidan  joriy etildi va 2014 yilda qayta ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublika, viloyatlar, Toshkent shahar kengashlari barxam topib, 2013 yil 15 fevraldan ularning negizida Respublika kengashining hududlar bo‘yicha mas'ul tashkilotchilari joriy etildi.

Ijtimoiy sherikchilik asosida boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti raislaridan 95 foizi tashkilot va muassasalar boshqaruv organlari (ilmiy kengash, kuzatuv kengashlari, xay'at a'zolari, komissiyalar) tarkibiga kiritildi.

Kasaba uyushmasi tizimiga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etilishi natijasida kasaba uyushmasi organlari o‘rtasida elektron hujjat ayirboshlash ko‘lamini kengaytirish, hujjatlarni joylarga tezkor yetkazish tizimi joriy etildi.

Albatta shu kabi yana bir qancha amalga oshirilgan ishlar tarmoqda ijtimoiy sherikchilik munosabatlarining yanada rivojlanishida o‘ziga xos omil bo‘ldi, deyish mumkin. Buning zamirida mashaqqatli mehnat, ta'bir joiz bo‘lsa, mas'uliyat hissi yotibdi.

Hisobot davrida boshlang‘ich tashkilotlar soni 2011 yil 1 yanvarga (13980) nisbatan 3812 taga ko‘payib, bugungi kunda takomillashtirish yakunlariga ko‘ra 17792 tani tashkil etmoqda.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasining tarkibida 194 ta tuman, shahar kengashlari, 1 ta birlashgan qo‘mita, 17792 ta boshlang‘ich tashkilotlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular 1 mln. 866 ming 273 nafar kasaba uyushmasi a'zolarini qamrab olgan, bu ko‘rsatkich 2011 yil nisbatan (2 mln. 215 ming) 348727 nafarga kamaygan.

Buning asosiy sabablaridan biri, 2014 yilda “Kasaba uyushmalari kartasi” qayta ko‘rib chiqilib va tasdiqlangandan so‘ng kasbiy yo‘nalishlari bo‘yicha kasb-hunar kollejlari boshqa tarmoq xizmatiga o‘tkazilganligidir.

Joriy yilda kasaba uyushma organlarida hisobot-saylovlar o‘tkazildi, unga ko‘ra:

-fevral-aprel oylarida mavjud 17792 ta boshlang‘ich tashkilotlarda hisobot-saylov Umumiy yig‘ilishlari va Konferensiyalari;

-may oyida tarmoq kasaba uyushmasi 194 ta tuman, shahar kengashlari va 1 ta birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasida hisobot-saylov Konferensiyalari bo‘lib o‘tdi.

Hisobot – saylovlar yakuniga ko‘ra: 16326 ta boshlang‘ich tashkilotda qo‘mita va 1462 ta tashkilotchilar; 194 ta tuman, shahar tashkilotlarida Kengashlar; 1 ta birlashgan tashkilotda qo‘mita; 3409 ta qo‘mita raislari va tashkilotchilar hamda 31 nafar tuman, shahar kengashlari raislari birinchi bor saylandilar.

Bosh kelishuvning 2 bo‘lim 9 bandida mehnat qonunchiligi buzilishlarining oldini olish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan kasaba uyushmasi tashkilotlarining tizimli hamkorligini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilangan. Shunga muvofiq, hisobot davrida ya'ni har yili fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Xalq ta'limi, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari hamda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi bilan O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi o‘rtasida tuzilgan tarmoq kelishuvlari ijrosining muhokamasi hamda yangi muddatga tuzilishi munosabati bilan qo‘shma yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Vazirliklar rahbarlari ushbu yig‘ilishda ishtirok etdilar hamda kasaba uyushmasi faollari oldida vazirlik va ish beruvchilar tomonidan xodimlarni ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini ta'minlash borasidagi Tarmoq kelishuvlarida keltirilgan majburiyatlarni bajarilishi yuzasidan hisobot va savollarga javob berdilar.

Shuningdek, tizimda amal qiluvchi jamoa shartnomalari va kelishuvlar orqali erishilgan yutuqlar e'tirof etildi, yangi muddatga mo‘ljallangan kelishuvlarga kiritilgan mehnat me'yorlari yuzasidan qaror qabul qilindi hamda kelgusida hamkorlikda bajariladigan ishlar kelishib olindi. Ushbu tadbir ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritildi.

Ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish maqsadida 2011 yilda 4 ta tarmoq kelishuvlari hamda 12677 ta jamoa shartnomalari bo‘lgan. 2015 yil 1 yanvar holatiga esa 7 ta ya'ni, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi,  Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi Markazi, “O‘zbekturizm” Milliy Kompaniyasi, “O‘zbekkino” Milliy agentligi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan tarmoq kelishuvlari hamda 17782 ta jamoa shartnomalarini tuzishga erishdik.

Tarmoq kelishuvlari va jamoa shartnomalarida ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy himoya, bandlik, mehnatga haq to‘lash, mehnat muhofazasi, xodimlar, ularning oila-a'zolarini sog‘lomlashtirish, munosib va xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, ayollar hamda yoshlarning manfaatlariga oid va tarmoq xususiyatlaridan kelib chiqadigan boshqa me'yorlar o‘z aksini topgan.

Hammamizga ma'lumki, jamoa shartnomasi – ijtimoiy sheriklik jarayonini kuchaytirishning zaruriy tarkibiy qismi hisoblanib, u manfaatdor taraflar o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi asosiy huquqiy manba hisoblanadi.

Kasaba uyushmasi tashkiloti faoliyatini baholashda har bir xodimga jamoa shartnomasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish orqali sarflangan mablag‘ miqdori muhim omil hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan tahlil qiladigan bo‘lsak, jamoa shartnomasida belgilangan tadbirlarning bajarilishi uchun har bir xodimga sarflanayotgan o‘rtacha mablag‘ miqdori yil sayin oshib borayotganiga amin bo‘lamiz. Jumladan, 2011 yilda har bir xodimga sarflangan mablag‘ 368,1 mingni, 2015 yil 1 yanvar holatiga esa bu ko‘rsatkich 712,2 ming so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, jamoa shartnomalari orqali bandlik dasturi bo‘yicha ham sezilarli ishlar olib borildi. O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan 2014 yil davomida ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturiga asosan tarmoqda yaratilgan yangi ish o‘rinlarini haqqoniyligini jamoatchilik nazorati tartibida joyiga chiqib o‘rganishga alohida e'tibor qaratildi. Unga ko‘ra, 1200 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hisobotlarda 1495 ta ko‘rsatilgan. Haqiqatda esa, 194 ta sub'yektlar o‘rganilib, 1497 ta yangi ish o‘rinlari yaratilganligi aniqlandi. Oliy ta'lim muassasalarida bu borada investitsion dasturlarga ko‘ra rejadan yuqoriroq ko‘rsatchiklarga erishilgan.

Xalqaro Mehnat tashkilotining O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Konvensiyalarini ijrosi yuzasidan Respublika kengashi tomonidan muntazam ravishda seminar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.

BMT tasarrufidagi YUNISEF tashkilotining “Ta'lim sektorini rivojlantirish rejasi” loyihasini ishlab chiqishda mahalliy ishchi guruh tarkibida Respublika kengashi xodimlari ishtirok etmoqdalar. 2014 yilning noyabr oyida Respublika kengashining 2 nafar xodimi Xalqaro Mehnat tashkilotining trening markazlarida malaka oshirib keldilar. Ozarbayjon ta'lim xodimlari mustaqil kasaba uyushmasi bilan Respublika kengashi o‘rtasida hamkorlik yuzasidan shartnoma tuzilgan. Undan tashqari, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Gruziya Respublikasi madaniyat xodimlari kasaba uyushmalari bilan muloqot o‘rnatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 30 may “2011 – 2015 yillarda yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1542-sonli qarori bajarilishi yuzasidan amaliy choralar rejasi”ning ijrosiga ko‘ra yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarning Respublikamizning tarixiy va muqaddas joylariga ziyoratlarini tashkil etish, “Navro‘z”, “Mustaqillik”, “Ramazon hayit”, “Qurbon hayit”, “Hotira va qadrlash kuni”, “Xalqaro nogironlar kuni” bayramlari arafasida moddiy yordam ko‘rsatish, sanatoriylar va pansionatlarda sog‘lomlashtirish, tibbiy xizmat ko‘rsatish va dori-darmonlar olib berish, bayramlarda tabriklash, yoshlar bilan uchrashuvlar va davra suhbatlarini o‘tkazish, nogiron, ijtimoiy himoyaga muxtoj talabalarga kontrakt to‘lovini qisman to‘lash, ko‘zi ojiz qariyalar va talaba-o‘quvchilar uchun maxsus apparatlar, pleyerlar va o‘quv qurollari xarid qilish maqsadida hisobot davrida 3225 nafariga 307,6 mln.so‘m mablag‘ sarflandi.

Davlat dasturlariga asosan jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan xodimlarga berilgan moddiy yordam 2011 yilda 1281,4 mln.so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2014 yil yakunida 2525,5 mln.so‘m, 2015 yilning iyul oyiga 441,7 mln.so‘mni tashkil qildi.

Hisobot davrida oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan 561 nafar kam ta'minlangan, chin yetim, iqtidorli talabalarga 534765,0 mln. so‘m miqdorida kontrakt to‘lovlari amalga oshirildi.

Respublika kengashi ekspert komissiyasi tomonidan 2013-2015 yillar davomida 50 dan ziyod oliy ta'lim muassasalari, vazirlik va idoralar jamoa shartnomalari loyihalari ekspertizadan o‘tkazib berildi. Ekspertiza jarayonida Mehnat kodeksiga kiritilgan yangi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar hamda tarmoq kelishuvlari me'yorlari kiritilishiga erishildi.Hisobot davrida tizimda amal qilayotgan jamoa shartnomalarining bajarilish yoki yangi muddatga qabul qilinishi yuzasidan umumiy yig‘ilishlar bo‘lib o‘tdi. Respublika kengashi apparati xodimlari  ushbu masalaga qaratilgan yig‘ilishlarda ishtirok etdilar. Bosh kelishuv, tarmoq kelishuvlar me'yorlari hamda Mehnat kodeksiga kiritilgan yangi qo‘shimcha va o‘zgarishlarni jamoa shartnomalarida aks ettirilishi, uni ijrosini ta'minlash bo‘yicha amaliy yordamlar berildi.

Davlat tomonidan respublikamizda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish, bu borada vazirliklar, idoralar va boshqa boshqaruv organlarining mehnat muhofazasi bo‘yicha olib borayotgan ishlari muvofiqlashtirib borilayotgan bo‘lsa, kasaba uyushmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, “Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunlari, shuningdek, mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga korxona, tashkilot va muassasalarda rioya qilinishi ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilgan.

Jumladan, mehnatni muhofaza qilish, sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, ishlab chiqarishdagi baxtsiz xodisalar va kasb kasalliklarini oldini olish, mehnat qobiliyatini yo‘qotgan xodimlarga va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga tovon va zarar to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lanishi to‘g‘risidagi masalalar Respublika kengashi Rayosatining 2011-2014 yillardagi yig‘ilishlarida 7 marotaba, tarmoq kasaba uyushma tuman, shahar kengashlari va boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarida 1006 marta ko‘rib chiqilib, ish beruvchilarning mehnat muhofazasi soxasidagi javobgarligini oshirish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi va ijrosi ta'minlandi.

Hisobot davrida kasaba uyushmalari say'i xarakatlari tufayli ish beruvchilar tomonidan mehnatni muhofaza qilish tadbirlari uchun jami 42 mlrd 531 million 790 ming 600 so‘m mablag‘ sarflanishiga erishildi. Har bir xodimga o‘rta hisobda 2011 yilda 5516 so‘m, 2012 yilda 6817 so‘m, 2013 yilda 10885 so‘m, 2014 yilda 11430 so‘m sarflangan bo‘lsa bu raqam 2015 yil iyul oyiga kelib 6300 so‘mni tashkil etdi.

Tizimdagi barcha mavjud tarmoq kelishuvlari hamda jamoa shartnomalarida xodimlarga xavfsizlikni ta'minlash, munosib mehnat sharoitlari yaratish, kasb kasalliklarini oldini olish, mehnat muhofazasiga ish beruvchi hisobidan bitim asosida mablag‘ ajratish, baxtsiz xodisalarni oldini olishga qaratilgan chora – tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan bandlar o‘z aksini topgan.

Ish beruvchilar tomonidan xodimlarga sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilishi, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar, kasb kasalliklarining oldini olish, shuningdek mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan jamoat nazoratini ta'minlashda kasaba uyushmalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida Mehnat muhofazasi bo‘yicha jamoat nazoratini eng yaxshi tashkil etish yuzasidan respublika ko‘rik-tanlovi tashkil qilindi. Hisobot davrida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning Respublika bosqichida “Eng yaxshi korxona”, “Eng yaxshi kasaba uyushma qo‘mitasi”, “Eng yaxshi mehnat muhofazasi bo‘yicha vakil” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, munosib taqdirlandilar.

Hisobot davrida tegishli vazirlik va idoralarning mehnat muhofazasi sohasidagi “Madaniyat xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va yakka tartibda himoyalanishning boshqa vositalarini bepul berishning namunaviy normalari <1979977>”, “Muzeylar, teatrlar va konsert zallari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari”, “Ta'lim muassasalarida boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkazishda mehnatni muhofaza qilish qoidalari”, “Ta'lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonida o‘quvchilar va talabalar bilan yuz bergan baxtsiz hodisalarni tekshirish va hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom <1733882>”, “Ta'lim muassasalarining o‘quv va o‘quv-ishlab chiqarish ustaxonalari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari”, “Ta'lim muassasalarining o‘quv xonalarida mashg‘ulotlar o‘tkazishda mehnatni muhofaza qilish qoidalari”, “Hayvonot parklari (hayvonot bog‘lari) va sirk xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari”, “Yadro fizikasi korxonalarida ishlar xavfsizligi qoidalari”, “Yadro xavfsizligi xizmatlari xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy normalari <1918252>” kabi me'yoriy hujjatlariga ishlovchi xodimlar va talaba yoshlarning mehnatini muhofaza qilishga doir takliflar kiritilishiga erishildi hamda ushbu hujjatlarning ishlab chiqilishida bevosita ishtirok etildi.

Baxtsiz hodisalar tufayli ma'lum darajada mehnat qobiliyatini yo‘qotgan, kasb kasaligiga chalingan, nogiron bo‘lib qolgan shaxslarga va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga Respublika kengashi va tarmoq kasaba uyushma tashkilotlarining sa'y – harakatlari natijasida jami 231 mln 909 ming 886 so‘m miqdordagi zarar to‘lovlari undirib berilgan.

Hisobot davrida Respublika kengashi tomonidan 403ta, viloyat, tuman va shahar kengashlari tomonidan 15416ta korxona, muassasa va tashkilotlarning faoliyati o‘rganildi. O‘rganish jarayonida mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha qonun, qoida va me'yorlar buzilishi yuzasidan 2011 yilda 8561ta, 2012 yilda 10038ta, 2013 yilda 6648ta, 2014 yilda 8435ta va 2015 yil iyul oyiga qadar esa 1734ta kamchiliklar aniqlandi. Jami aniqlangan 35416ta kamchiliklarning 23555tasi, ya'ni 66,5 % kasaba uyushmalarining aralashuvi bilan bartaraf etilishiga erishildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ish beruvchilarga 2011 yilda 1279ta, 2012 yilda 1466ta, 2013 yilda 1353ta, 2014 yilda 1348ta va 2015 yil iyul oyiga qadar esa 249ta jami esa 5695ta taqdimnomalar kiritildi.

Shuningdek, ishlab chiqarishda jarohat olgan xodimlar va boquvchisini yo‘qotgan 2011 yilda 17ta, 2012 yilda 30ta, 2013 yilda 43ta, 2014 yilda 11ta va 2015 yil iyul oyiga qadar 19ta jami esa 120ta oilaga huquqiy maslahatli yordam ko‘rsatilgan. Ishlab chiqarishdagi kasb kasalliklarini tekshirish komissiyalari yig‘ilishida 2011 yilda 5 marotaba, 2012 yilda 7 marotaba, 2013 yilda 8 marotaba, 2014 yilda 7 marotaba va 2015 yil iyul oyiga qadar 12 marotaba jami esa 39 marotaba ishtirok etilgan va ularda 2011 yilda 1ta, 2012 yilda 2ta, 2013 yilda 17ta, 2014 yilda 12ta va 2015 yil iyul oyiga qadar 8ta jami esa 40ta kasb kasalliklari aniqlanib, ularga qonun hujjatlari talablaridan kelib chiqqan holda amaliy yordam ko‘rsatildi. Tarmoq tizimidagi vazirliklar hamda ularning tizim tashkilotlari ish beruvchilari va kasaba uyushmalarining ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning kelib chiqish sabablari va ularning oldini olish bo‘yicha masalalar qo‘shma rayosat yig‘ilishlarida bir necha martalab muhokama qilinishi va ularni bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilanishiga qaramasdan bunday hodisalar sodir bo‘layotganligi va hattoki aynan bir xil ko‘rinishdagi ishlab chiqarishdagi baxtsiz xodisalar sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘yilayotgani hamda bir xil ko‘rinishdagi kamchiliklarning takrorlanishi achinarlidir. Bunday holatlar oqibatida ishlab chiqarish bilan bog‘liq jami 45 ta ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar sodir bo‘lgan bo‘lib, shundan 17 ta holatda oqibati o‘lim va 28 ta holatda oqibati og‘ir baxtsiz hodisalarda esa 31 nafar ishchi-xodimlar jarohatlanganlar. Kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan mehnat jamoalarida xodimlarga normal mehnat sharoitlari, shuningdek, sanitariya-gigiyena talablariga mos maishiy sharoitlar yaratish, ishlab chiqarishda jarohatlanish va kasb kasalliklariga chalinish sabablarini bartaraf etish bo‘yicha qator samarali ishlar olib borilishi natijasida baxtsiz xodisalar soni kamaygan.

Eng ko‘p baxtsiz hodisalar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi muassasalarda 35ta, O‘rta maxsus kasb-xunar ta'limi Markazi tizimidagi muassasalarda 7 ta O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tizimidagi muassasalarda 1tadan ro‘y bergan.

Tahlil natijalarga ko‘ra, vazirliklarga kiritilgan takliflar va taqdimnomalar orqali tashkilot, muassasalarda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha 18 banddan iborat chora-tadbirlar ishlab chiqilib, ijrosi ta'minlanmoqda.

Tarmoq kasaba uyushmasi tashkilotlarida o‘tgan davr mobaynida mehnatkashlarning huquqiy madaniyatni oshirish borasida  ibratli ishlar amalga oshirildi. Kasaba uyushmasi faollarining malakasini oshirish, ularni kerakli yuridik adabiyotlar, metodik qo‘llanmalar bilan ta'minlash ishlariga jiddiy e'tibor qaratildi. 

O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi A.Avloniy nomidagi Xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish Markaziy instituti, Oliy ta'lim tizimi pedagog va rahbar kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish bosh ilmiy-metodik markazi hamda O‘rta – maxsus, kasb-hunar ta'limi rahbar xodimlarini malakasini oshirish institutlari o‘quv dasturlariga har oyda tizimdagi muassasalar ish beruvchilari uchun Xalqaro mehnat standartlarini tatbiq etish, mehnat munosabatlarini tartibga solish va xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish masalalariga oid o‘quv mashg‘ulotlar tashkil qilingan.

Shuningdek, “Mehnat qonunchiligi – jamoatchilik nazoratida”, “Kasaba uyushmasi mehnatkashlar tayanchi”, Ijtimoiy sheriklik davr talabi mavzularidagi o‘quv seminarlar Respublika bo‘ylab, ta'lim, fan va madaniyat tizimi ish  beruvchilari, kadrlar bilan ishlovchi mutaxassislar, hisobchilar hamda kasaba uyushmasi faollari uchun tashkil qilindi. O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Markaziy kengashining “Obod turmush yili” dasturining “Yoshlarni ish bilan ta'minlashga qaratilgan “Ustoz-shogird” tizimiga asosan kollej o‘quvchilariga mehnat munosabatlari bo‘yicha huquqiy yordam uyushtirish” bandiga asosan Jizzax, Buxoro, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy viloyatlari, Toshkent shahar  Chilonzor pedagogika hamda Mirzo Ulug‘bek geodeziya va kartografiya kasb hunar kollej o‘quvchilariga mehnat munosabatlari bo‘yicha davra suhbatlari uyushtirildi.

Xodimlarning mehnatga oid huquq va manfaatlarini himoya qilishga doir ishlarni tashkil etish maqsadida 2011-2015 yillar davomida kasaba uyushma tashkiloti faoliyatida qonuniylikni ta'minlash bo‘yicha 1730 ta tarmoq muassasalariga hamda kasaba uyushma tashkilotlariga 1020 ta huquqiy yordam ko‘rsatildi, ommaviy vositalarda 63 ta chiqishlar qilindi. Huquqni qo‘llash amaliyotida, ya'ni mehnat shartnomasini tuzishda 117 ta, mehnat shartnomasini o‘zgartirishda 59 ta, mehnat shartnomasini bekor qilishda 315 ta, mehnat daftarchasini yuritishda 87 ta, ta'tillarni berishda 97 ta, intizomiy jazolarni qo‘llashda 36 ta, boshqa qonun buzilish holatlari bo‘yicha kamchiliklar aniqlangan.

Hisobot davrida tarmoq xodimlaridan Respublika bo‘yicha jami 41152 ta yozma va og‘zaki murojaatlar bo‘lgan. Murojaatlarni 35061 tasi ijobiy hal etilgan.

Bugungi kunda ma'naviyat, mafkura, milliy g‘oyaning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, davlat tomonidan qabul qilingan dasturlarning ahamiyatini va mamlakatimizda ma'naviy-ma'rifiy sohalarda olib borilayotgan tub islohotlarning asl mohiyatini tushuntirishga karatilgan keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirish kasaba uyushma tashkilotlarining asosiy vazifalaridan biriga aylangan.

Respublika kengashi va uning tasarrufidagi barcha kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan muntazam ravishda  “Ma'naviyat soatlari” o‘tkazib kelinmoqda. Unga iqtisodchi, huquqshunos va siyosatshunos olimlar, fan arboblari, shoirlar, yozuvchilar hamda Respublika Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi,  Respublika Ma'naviyat va targ‘ibot markazi, uning hududiy bo‘limlarining mas'ul xodimlari o‘z ma'ruzalari bilan qatnashmoqdalar. Muzeylarga, teatrlarga, muqaddas qadamjolarga sayohatlar tashkil qilinishi yo‘lga qo‘yilgan.

Hisobot davrida amalga oshirilgan eng savobli ishlardan biri Respublika bo‘yicha 126 nafar kam ta'minlangan oilalar farzandlarining “Sunnat to‘ylari” hamda 70 nafar yoshlarning nikoh marosimlarini xayriya yo‘li bilan tashkillashtirish va o‘tkazish ishlarida ishtirok etildi.

Oliy ta'lim muassasalarida “Ustoz-shogird an'anasi-ulug‘ qadriyat” va O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlari “Olima” uyushmasi bilan hamkorlikda “Olima ayollarning jamiyatdagi mavqyeini mustahkamlash va ularni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazildi. Har yili davlat dasturlari asosida vazirliklar, idoralar va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda bir qancha qo‘shma tadbirlar rejasi ishlab chiqildi hamda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda “Yil tarbiyachisi”, “Yagonasan, muqaddas Vatan!”, “Ta'zim sizga, ustozlar!”, “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik bo‘yicha eng yaxshi o‘qituvchi”, “Yoshlar va sog‘lom turmush tarzi”, “Erta nikohning salbiy oqibatlari”, “Giyohvandlik – umr zavoli”, “Sog‘lom turmush tarzi – sog‘lom kelajak garovi”, “Navro‘z va qadriyatlar” kabi bir qancha ko‘rik-tanlovlar, madaniy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazildi. 

Kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanib borilmoqda. Oromgohlarda bolalarni sog‘lomlashtirish sifati sezilarli o‘zgarib borayapti. Tarmoq kasaba uyushma tashkilotlari xodimlarni farzandlarini sog‘lomlashtirishga ham katta xissa qo‘shmoqdalar.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tashabbusi bilan 2015 yil yanvar oyida bolalarni oromgohlarda dam oldirish va sog‘lomlashtirish, madaniy – ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish va bu boradagi ishlarni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish maqsadida ijodiy tanlov e'lon qilindi. Ushbu tanlovda Respublika kengashi tashkiliy qo‘mita tarkibida faol qatnashdi.

Ushbu tanlovning ijodiy natijalari 2015 yil yozgi sog‘lomlashtirish mavsumida bolajonlarimiz uchun katta sovg‘a bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Kasaba uyushmalari tashkilotlarida xizmat qiluvchi havaskor velosipedchilar o‘rtasida o‘tkazilgan velomarofon musobaqalarida ham tarmoq kasaba uyushma tashkilotlari faol ishtirok etib kelmoqdalar. 2015 yilda o‘tkazilgan velomarafonda tarmoqda faoliyat ko‘rsatayotgan xavaskor velosportchilar “Eng yoshi ulug‘ poygachi”, “Eng mahoratli poygachi”, “G‘alabaga bo‘lgan intilishi uchun”, “Eng yosh poygachi” kabi barcha nominatsiyalar hamda 1,2,3 – o‘rin g‘olibligini qo‘lga kiritdilar.

“Sport – salomatlik garovi”, “Sog‘lom oila”, “Sportdadir kuch” kabi sport musobaqalari hamda xodimlar gimnastikasi har bir tashkilot va muassasalarda o‘tkazilishi an'ana tusiga kirgan.

 Respublika kengashi tarmoq kelishuvlari imzolagan vazirlik va idoralari apparati xodimlari o‘rtasida har yili sport musobaqalari o‘tkazilmoqda. 2013 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi jamoasi birinchi o‘rinni, ya'ni kubokni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2014 yilda Xalq ta'lim vazirligi jamoasi g‘olib bo‘ldi.

Bu kabi sport tadbirlari kasaba uyushma a'zolarini kayfiyatlarini ko‘tarishga, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga hamda mehnat unumdorligini oshirishga katta xizmat qilmoqda.

Oxirgi yillarda tarmoqda xotin qizlar bilan ishlash komissiyalari keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqdalar. Ijtimoiy sheriklik, ijtimoiy himoya, bandlik masalalarida, xotin – qizlari  mizning mehnat huquqlarini ta'minlash maqsadida “Ayollarning mehnat huquqlari – jamoatchilik nazoratida”, ”“Jamoatchilik nazorati – xotin-qizlarning ijtimoiy, iqtisodiy va xuquqiy manfaatlari kafolati”, Ayol baxti kafolatlangan yurt”, “Jamoa shartnomalari va kelishuvlari doirasida xotin-qizlarning ijtimoiy  mehnat  huquqlarini himoya qilish”, “Konstitutsiya va mehnat kodeksida xotin-qizlarga berilgan imtiyozlar” kabi mavzularida bir qancha seminar va davra suhbatlari tashkil qilindi.

2012 yilda tarmoqda 1976669 nafar kasaba uyushma a'zolaridan 1186303 nafari, ya'ni 60 foizi xotin qizlarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2013 yilda 61 foiz, 2014 yil yakuni bo‘yicha statistik ma'lumotlarga ko‘ra ushbu ko‘rsatkich 84 foizni tashkil qilmoqda. Bundan xulosa chiqarish mumkinki, xotin qizlarimiz o‘zlarini ijtimoiy guruhning bir qismi deb hisoblashlari bilan bir qatorda, ularning iqtisodiy, ijtimoiy mustahkamlikka erishish, ijtimoiy kafolatlar va imtiyozlar ko‘lamini kengaytirish, oila-a'zolarining ijtimoiy himoyaga olinish imkoniyatlari kengaymoqda.

Jamoa shartnomalari va kelishuvlarini ekspertizadan o‘tkazishda xotin qizlar bilan ishlash komissiyalari vakillari ishtirok etmoqdalar. Ekspertiza jarayonida Xalqaro Mehnat tashkilotining O‘zbekiston Respublikasida ratifikatsiya qilingan Konvensiyalari hamda Ustav talablari, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida ayollarga berilgan imtiyozlarning jamoa shartnomalariga kiritilishi ta'minlandi va ularning bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borildi.

Ishlayotgan ayollarga yetarli mehnat sharoitlarini yaratish, ish joylarida sanitariya-gigiyena holatlarini ta'minlash ahvolini muntazam nazorat qilib borish, ularning qonun talablariga javob berishi yuzasidan ish beruvchiga takliflar kiritildi.

Kasaba uyushma tashkilotlarining joylardagi davlat idoralari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorligini yanada mustahkamlash orqali xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini, jamiyat hayotidagi mavqyeini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarda faol ishtirok etildi.

Tarmoq kelishuvlari hamda jamoa shartnomalariga ayollar mehnatini tartibga solish, ayollarni mehnat bozori talablari asosida kasblarga o‘qitish, kichik yoshdagi  farzandlari bor ayollarga qisqartirilgan ish vaqti belgilash, ayollarga haq to‘lanadigan homiladorlik va tug‘ish ta'tillari kunini uzaytirish, 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bola parvarishi ta'tilidagi ayollarga har oyda moddiy yordam ko‘rsatish, 2 yoshgacha farzandi bo‘lgan ayollarga bola ovqatlantirishi bilan bog‘liq bo‘lgan haq to‘lanadigan tanaffuslar berish imtiyozlari kiritilgan. Shuningdek, ularda homilador ayollarni ishga qabul qilish uchun ma'lum miqdorda ish o‘rni ajratish, ayollar uchun kasanachilik ish o‘rinlarini tashkil etish, xotin-qizlar uchun gigiyena xonalarini tashkil etish, ayollarni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, xotin-qizlarni ish vaqtidan tashqari, dam olish kunlari va tungi vaqtlardagi ishga jalb etishni cheklash kabi me'yorlar aks ettirilgan.

Natijada bugungi kunda tarmoq kelishuvlari va shartnomalari xotin-qizlar uchun barqaror mehnatga haq to‘lash, xavfsiz mehnat sharoitlariga ega bo‘lgan ish joylarida ishlash, dam olishlarini tashkil etishning kafolati bo‘lmoqda.

Tarmoqda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlari himoyasini ta'minlanishi, ularga xavfsiz va yetarli ish sharoitlari yaratilishi yuzasidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilgan. “Mustahkam oila”, “Obod turmush”, “Sog‘lom bola” yillari dasturlari doirasida mehnat jamoalarida xotin-qizlar reproduktiv salomatligini mustahkamlash, har tomonlama barkamol avlodni hayotga keltirish va shakllantirish, ularning tibbiy madaniyati va savodxonlik darajasini oshirishga  qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot ishlarini olib borish maqsadida «Reproduktiv salomatlik», «Erta nikohning salbiy oqibatlari», «Tug‘ruqlar oralig‘ini saqlash» kabi mavzularda xududlarda davra suhbatlari tashkil etildi va ularga mutaxassislar jalb etildi.

Xotin-qizlarga yaratilgan imtiyozlar haqida tushuntirish ishlari ham muntazam ravishda olib borildi, hududiy kasaba uyushmasi tashkilotlarining huquqiy maslahatxonalari va “Ishonch” telefonlaridan yordam berib borish yo‘lga qo‘yildi.

Kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan har yili o‘tkazilishi an'anaga aylangan “Katta xayotga kasaba uyushmasi bilan” tadbirlarida ham asosiy ma'ruzalar, qizlarimizni yangi xayotga qadam qo‘yishlari, ham mutaxassis, ham ayol sifatida xayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga qaratiladi hamda bu borada ko‘mak beruvchi taklif va tafsiyalardan iborat tarqatmali materiallar beriladi. Talaba qizlarimiz uchun tashkil qilingan bu kabi tadbirlarga mamlakatimizning yetuk olimalari, o‘z xayot tajribasi bilan o‘rnak ko‘rsatayotgan mashxur ayollar, aktrisalar, shoiralar taklif qilinadi.

O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Yoshlar kengashi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirliklari va O‘rta maxsus kasb-xunar ta'limi markazi bilan qabul qilingan qo‘shma tadbirlar rejalarini bajarilishida faol ishtirok etib kelmoqda.

Kasaba uyushmalari tomonidan yangi ishga qabul qilinayotgan yoshlar uchun mehnat daftarchalarining ochilishi, ularni mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqdan o‘tkazilishi ta'minlanmoqda. O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi boshqarmalari bilan hamkorlikda tuman, shahar kengashlari va Respublika kengashi tomonidan har chorakda 10 ta jami esa 586ta korxona, tashkilotlarda bitiruvchilarning ish bilan ta'minlanganligi haqqoniyligi o‘rganilgan, natijalari tahlil qilinib, tegishli takliflar ishlab chiqilgan.

Hisobot davri mobaynida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga amaliyot o‘tash davrida va kollejni bitirib ishga joylashganda eng kam ish haqining 50 foizigacha miqdorda boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari mablag‘idan moddiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Imtiyozli kredit olib, o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlagan kollej bitiruvchilarining ro‘yxati shakllantirilib, kasaba uyushmalari tuman, shahar kengashlariga yetkazilgan va ularning ijtimoiy himoyasini ta'minlash maqsadida o‘zlari tamomlagan kollejlardagi kasaba uyushmalariga yakka tartibda a'zo qilish ishlari olib borildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-2124 sonli Qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Respublika kengashi tomonidan “Yilning eng faol yosh tarbiyachisi”, “Yilning eng faol o‘qituvchisi” hamda “Eng faol yosh olim” tanlovlarini yuqori saviyada o‘tkazildi.

O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Yoshlar kengashi faollari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi “Muruvvat” hamda “Mehribonlik” uylarida “Muruvvat hamda Mehribonlik uylari-kasaba uyushmalari e'tiborida”, “Yoshlik” talabalar shaharchasida “Yoshlar manfaati – kasaba uyushmalari himoyasida”, “Yoshlar va mehnat munosabatlari” mavzularida bo‘lib o‘tgan davra suhbatlari tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “YAqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturi”ni hayotga tadbiq etish kasaba uyushma a'zolarining kundalik hayotiy ishi bo‘lib qolmog‘ini hamisha yodda tutishimiz darkor. Shunday ekan, biz ham o‘z faoliyatimiz yo‘lidagi dolzarb masalalarga ijodiy yondoshgan holda davlatimizning islohotlarini izchil amalga oshirishiga ko‘maklashish, jamiyatimizda shakllanayotgan yangicha ishlab chiqarish munosabatlarini mustahkamlash, milliy qadriyatlar va ma'naviyatimizni, mehnatkashlarni huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularning ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq vazifalarni bekamu ko‘st bajarishga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishimiz zarur. Zero, shu betakror yurt, shu muqaddas ona zamin-O‘zbekistonimizning buyuk kelajagini yaratishga barcha qatori kasaba uyushmasi tashkilotlari ham birdek mas'uldirlar.  

_DSC9689 _DSC9678 _DSC9699 _DSC9682 _DSC9685 _DSC9692 _DSC9708 _DSC9716 _DSC9729 _DSC9737 _DSC9738 _DSC9717 _DSC9756 _DSC9764 _DSC9771 _DSC9772 _DSC9773 _DSC9778 _DSC9785 _DSC9792 _DSC9800 _DSC9788 _DSC9803 _DSC9790 _DSC9754 DSC_0162 _DSC9799

 

 


Qurultoy, Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar