10/10/2015
Savol-javob

Savol: Muassasamizning yangi rahbari jamoa shartnomasida nazarda tutilgan har chorakda beriladagan mukofot pulini mazkur to‘lov Mehnat kodeksida majburiy to‘lov sifatida nazarda tutilmaganligini ko‘rsatib, bir taraflama bekor qildi. Direktorning xatti-harakatlari qonuniymi?

Javob: Direktorining xatti-harakatlari noqonuniy bo‘lib, ushbu holatda u mehnat qonunchiligini buzgan hisoblanadi. Mehnat kodeksining 4-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, qonunlardagiga nisbatan qo‘shimcha mehnat huquqlari va kafolatlari boshqa normativ hujjatlar, shu jumladan shartnoma yo‘sinidagi hujjatlar (jamoa kelishuvlari, jamoa shartnomalari, boshqa lokal hujjatlar), shuningdek xodim va ish beruvchi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalari bilan belgilanishi mumkin. Shu bilan birga, mazkur moddaning uchinchi qismiga muvofiq, mehnat haqidagi kelishuvlar va shartnomalarning shartlari, agar qonunda boshqa holat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, bir taraflama o‘zgartirilishi mumkin emas.

 

Savol: Bizning ishxonamizda farrosh yo‘q, hamda muassasa rahbari ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilib, xodimlarni xizmat xonalarini tozalashga majburlamoqda. Bu esa bizning xizmat vazifalarimizga ham kirmaydi, mehnat shartnomasida ham nazarda tutilmagan va buning uchun haq ham to‘lanmaydi. Direktorning harakatlari qonuniymi?

Javob: Yo‘q, direktorning harakatlari qonunga zid va ushbu holat majburiy mehnat sifatida baholanadi. Mehnat kodeksining 7-moddasiga asosan, majburiy mehnat, ya'ni biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi.

Quyidagi ishlar, ya'ni:

-harbiy yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonunlar («Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi Qonun) asosida;

-favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda;

-sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan;

-qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 177-moddasiga asosan ish beruvchi xodimdan uning mehnat vazifasi doirasiga kirmaydigan ishlarni bajarishni, qonunga xilof yoki xodim va boshqa shaxslarning hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavf tug‘diruvchi, ularning sha'ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlar qilishni talab etishga haqli emas.

 

Savol: Bizning firmamizni tekshirish jarayonida tekshiruvchilar bizdan jamoa shartnomasi tuzilganligi haqida so‘rashdi. Jamoa shartnomasi nima ekanligini tushuntirib bersangiz.

Javob: Mehnat kodeksining 29-moddasiga muvofiq jamoa shartnomasi – korxonada ish beruvchi bilan xodimlar o‘rtasidagi mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soluvchi normativ hujjatdir. U ish beruvchi bilan xodimlarning vakillik organi o‘rtasida o‘zaro kelishib olishga qaratilgan shartnoma hisoblanadi.

Savol: Jamoa shartnomasida nogironlar va bola tarbiya qilayotgan shaxslar uchun qo‘shimcha imtiyoz belgilanishi mumkinmi?

Javob: Mehnat kodeksining 37-moddasiga muvofiq, jamoa shartnomasida korxonaning iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda, boshqa shartlar, shu jumladan, qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan normalar va qoidalarda ko‘rsatilganiga qaraganda imtiyozliroq mehnat shartlari va ijtimoiy-iqtisodiy shartlar (qo‘shimcha ta'tillar, pensiyalarga tayinlanadigan ustamalar, muddatdan ilgari pensiyaga chiqish, transport va xizmat safari xarajatlari uchun kompen-satsiyalar, xodimlarni ishlab chiqarishda hamda ularning bolalarini maktabda va maktabgacha tarbiya muassasalarida tekin yoki qisman haq to‘lanadigan tarzda ovqatlantirish, boshqa qo‘shimcha imtiyoz va kompensatsiyalar) ham kiritilishi mumkin.

 

Savol: Korxonamizda jamoa shartnomasini tuzish muhokama qilinmoqda. Xodimlar bu ularning manfaatlariga mos kelishiga ishonch bildirmayaptilar. Aytingchi, jamoa shartnomasi tuzish xodimlarga nima berishi mumkin?

Javob: Jamoa shartnomasini tuzishdan birinchi navbatda xodimlar va ularning vakillik organlari manfaatdordirlar. Jamoa shartnomasi har bir xodim bilan bog‘liq bo‘lgan muhim masalalarni tartibga solish imkonini beradi.

Xususan, Mehnat kodeksining 37-moddasi jamoa shartnomasining mazmuni va tuzilishini taraflar belgilashini nazarda tutadi.

Jamoa shartnomasiga ish beruvchi va xodimlarning quyidagi masalalar bo‘yicha o‘zaro majburiyatlari kiritilishi mumkin:

mehnatga haq to‘lash shakli, tizimi va miqdori, pul mukofotlari, nafaqalar, kompensatsiyalar, qo‘shimcha to‘lovlar;

narxlarning o‘zgarib borishi, inflyatsiya darajasi, jamoa shartnomasi bilan belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilishiga qarab mehnatga haq to‘lashni tartibga solish mexanizmi;

xodimlarni ish bilan ta'minlash, qayta o‘qitish, ishdan bo‘shatib olish shartlari;

ish vaqti va dam olish vaqti, mehnat ta'tillarining muddatlari;

xodimlarning, shu jumladan ayollar va o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnat sharoitlari va mehnat muhofazasini yaxshilash, ekologiya jihatidan xavfsizlikni ta'minlash;

korxonani va idoraga qarashli turar joyni xususiylashtirish vaqtida xodimlarning manfaatlariga rioya qilish;

ishni ta'lim bilan qo‘shib olib boruvchi xodimlar uchun imtiyozlar;

ixtiyoriy va majburiy tarzdagi tibbiy hamda ijtimoiy sug‘urta;

ish beruvchi tomonidan o‘z xodimlarining shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisob varaqlariga qo‘shimcha badallar kiritish miqdorlari va muddatlari;

jamoa shartnomasining bajarilishini tekshirib borish, taraflarning javobgarligi, ijtimoiy sheriklik, kasaba uyushmalari, xodimlarning boshqa vakillik organlariga faoliyat ko‘rsatish uchun tegishli sharoit yaratib berish.

Shu bilan birga, mazkur moddaga ko‘ra, jamoa shartnomasida korxonaning iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda, boshqa shartlar, shu jumlada, qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan normalar va qoidalarda ko‘rsatilganiga qaraganda imtiyozliroq mehnat shartlari va ijtimoiy-iqtisodiy shartlar (qo‘shimcha ta'tillar, pensiyalarga tayinlanadigan ustamalar, muddatdan ilgari pensiyaga chiqish, transport va xizmat safari xarajatlari uchun kompensatsiyalar, xodimlarni ishlab chiqarishda hamda ularning bolalarini maktabda va maktabgacha tarbiya muassasalarida tekin yoki qisman haq to‘lanadigan tarzda ovqatlantirish, boshqa qo‘shimcha imtiyoz va kompensatsiyalar) ham kiritilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan 2008 yil 29-30 dekabrda kelishilgan tartibda jamoa shartnomasini tuzish haqida tavsiyalar ishlab chiqilgan. Mazkur tavsiyadan amalda foydalanish mumkin.

 

Savol: Jamoa shartnomasini muhokama qilish maqsadida, biz mehnat jamoamiz bilan yig‘ilish o‘tkazdik. Lekin, xodimlarlarning taxminan 20 foizi yig‘ilishga kelmadi. Mehnat jamoamizning yig‘ilishi vakolatli bo‘lganini qanday aniqlasa bo‘ladi?

Javob: Mehnat kodeksining 39-moddasiga ko‘ra, mehnat jamoasining yig‘ilishi, basharti unda xodimlarning yarmidan ko‘prog‘i ishtirok etgan bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi. Mehnat jamoasining konferensiyasi, basharti unda delegatlarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi. Shu bilan birga, shuni nazarda tutish kerakki, Mehnat kodeksining 38-moddasiga ko‘ra, jamoa shartnomasining loyihasi korxonaning bo‘linmalarida xodimlar tomonidan muhokama qilinishi kerak va u bildirilgan fikr va takliflar hisobga olingan holda ishlab takomiliga yetkaziladi. Ishlab takomiliga yetkazilgan loyiha mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishi (konferensiyasi) muhokamasiga qo‘yiladi.

 

Savol: Amal qilish muddati 3 oy oldin tugagan jamoa shartnomasiga muvofiq, ish beruvchi kvartal yakuni bo‘yicha xodimlarga mukofot berishi kerak edi. Ammo, muassasa ko‘rsatkichlari yaxshi bo‘lishiga qaramasdan, direktor jamoa shartnomasi muddati o‘tib ketganligini asos qilib mukofot berishni rad qildi. Bu to‘g‘rimi?

Javob: Yo‘q, noto‘g‘ri. Mehnat kodeksining 41-moddasida jamoa shartnomasi imzolan-gan vaqtdan e'tiboran yoki jamoa shartnomasida ko‘rsatilgan kundan boshlab kuchga kiradi hamda taraflar belgilagan muddat davomida amal qilishi ko‘rsatilgan.

Belgilangan muddat tugagach, jamoa shartnomasi taraflar yangi shartnoma tuzguncha yoki amaldagi shartnomani o‘zgartirguncha, to‘ldirguncha amalda bo‘ladi.

 

Savol: Jamoa shartnomasini buzganlik uchun tashkilotning rahbari javobgar bo‘ladimi yoki bu faqat xodimlarga taalluqlimi?

Javob: Ish beruvchining jamoa shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarini bajarilmasligida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar intizomiy javobgarlikka tortilishlari mumkin. Bundan tashqari, yuqorida sanab o‘tilgan qoidabuzishlar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik sifatida baholanishi mumkinligi sababli, mazkur shaxslar Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga muvofiq ma'muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Shuni ta'kidlash kerakki, ish beruvchi tomonidan jamoa shartnomasining ba'zi shartlarini bajarmaslik korxonaga nisbatan moliyaviy jarimalarni qo‘llanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Mehnat kodeksi 161-moddasining 4-chi qismiga muvofiq, jamoa shartnomasida ish beruvchining aybi bilan xodimga haq to‘lash belgilangan muddatlarga nisbatan kechikkanligi uchun javobgarlik nazarda tutilishi mumkin.

Agar jamoa shartnomasida xodimga ish haqini to‘lashni kechiktirganlik uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi nazarda tutilgan bo‘lsa, bunday kechiktirish xodimlarga qo‘shimcha to‘lov to‘lanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda ish haqini to‘lanishini kechiktirilishiga aybdor bo‘lgan mansabdor shaxs o‘zining o‘rtacha oylik ish haqi doirasida moddiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

 

Savol: Men ishlayotgan lavozimda ishlagan xodim noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilganligi sababli sud qarori asosida qayta ishga tiklanganligi uchun men bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Bunday hollarda menga qonunda qanday qo‘shimcha kafolatlar nazarda tutilgan?

Javob: Mehnat kodeksining 67-moddasiga ko‘ra, xodim bilan tuzilgan mehnat shart-nomasi shu ishni ilgari bajarib kelgan xodim ishga qayta tiklanishi sababli bekor qilingan hollarda ish qidirish davrida ikki oydan ortiq bo‘lmagan davr mobaynida xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqi saqlanib qoladi, bunda xodimga to‘langan bir oylik ishdan bo‘shatish nafaqasi ham qo‘shib hisobga olinadi.

Agar xodimlar mehnat shartnomasi bekor qilingan kundan boshlab o‘n kalendar kun mobaynida mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tsalar, mahalliy mehnat organi bergan ma'lumotnomaga binoan, uchinchi oy uchun ham oldingi ish joylaridan o‘rtacha ish haqi olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Ushbu moddaning 1-chi va 2-chi qismida ko‘rsatilgan xodimlarga uch oy mobay-nida maqbul keladigan ish topib berilmagan taqdirda, ular ishsiz deb e'tirof etiladilar.

Mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyin o‘n kun ichida mahalliy mehnat organida ro‘yxatga olingan va kasbi bo‘yicha qayta o‘qitilayotgan yoki ishlab chiqa-rishdan ajralgan holda malakasini oshirayotgan xodimlarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va miqdorlarda stipendiya to‘lanadi.

Basharti ish beruvchi nochor (bankrot) deb topilsa, u bilan mehnat munosabatlarida bo‘lgan xodimlar ish haqi va o‘zlariga tegishli boshqa to‘lovlar xususida boshqa barcha kreditorlarning talablariga nisbatan imtiyozli huquqdan foydalanadilar.

Tugatilayotgan korxonalarning mablag‘i bo‘lmagan taqdirda, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan xodimlarga kompensatsiyalar Ish bilan ta'minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

 

Savol: Men mutaxasisligim bo‘yicha pedagogman, maktabda ishlagan ish stajim 1999 yildan 2007 yilgacha. 2007 yildan beri bankda kassir bo‘lib ishlab kelmoqdaman. 1998 yilda olgan diplomim kuchdami, men qayerga murojaat qilishim lozim?

Javob: Albatta, sizning diplomingiz kuchda. Ishga joylashish masalasida Bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilishingiz mumkin. Ishga joylashgandan keyin siz malakangizni oshirish xamda tegishli yo‘nalish bo‘yicha ta'lim berishning yangi uslublari bilan tanishish maqsadida ta'lim olishingiz mumkin.

 


Interaktiv xizmatlar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar