10/03/2017
Xotin-qizlarga ehtirom

Kasaba uyushmalari tomonidan barcha tashkilotlarida “Xalqaro xotin -qizlar kuni” munosabati bilan “Kasaba uyushmasi xotin-qizlarga” aksiyasi doirasida “Ayollari qadrlangan yurt” shiori ostida turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi G‘ijduvon tuman kengashi hamda Buxoro viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi xotin-qizlar komissiyasi tomonidan ta’lim, madaniyat muassasalarida mehnat qilayotgan 220 nafar ilg‘or xodimlar, mehnat faxriylari, kam ta’minlangan xotin-qizlar ishtirokida “Olam go‘zalligi senda mujassam” mavzuida bayram tadbiri tashkil etildi.

Buxoro viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi xotin-qizlar komissiyasi raisi R.Nosirova tadbirni ochib, jamiyat va hayotimizda ayollarning tutgan o‘rni va mavqei, mustaqil O‘zbekistonning rivojlanishida ularning xizmati beqiyos bo‘layotganligini alohida ta’kidladi. G‘ijduvon tuman hokimi o‘rinbosari A.Yo‘ldoshev, tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi mudiri J.Bozorov, tarmoq kasaba uyushmasi tuman kengashi raisi Yu.Homidov so‘z olib, tadbir ishtirokchilarini bayram bilan muborakbod etdilar.

52-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Dilorom Umarova, 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi, havaskor shoira Marhabo Ro‘zieva, mehnat faxriysi Sanobar Qurbonova davra ishtirokchilarini qutlab, dil so‘zlarini izhor etdilar. Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, ularning salomatligi, kiyinish odobi, muomala madaniyati haqida bahs-munozara o‘tkazilganligi tadbirga chuqur mazmun bag‘ishladi.

Tuman madaniyat bo‘limi san’at ustalari, musiqa va san’at maktabi pedagoglari tomonidan tayyorlangan bayram konserti hammaga manzur bo‘ldi.

Bahor, go‘zallik va nafosat bayrami davom etmoqda.


Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar