29/05/2017
Angren shahrida “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi o‘tkazildi

IMG_20170527_135605 - копия

Boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlarining korxona, tashkilot va muassasalarda tutgan o‘rni va mavqeini yanada oshirish, ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun zarur me’yoriy-huquqiy asoslarni va barcha shart-sharoitlarni yaratish sohasida tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Jumladan, 2011-yildan boshlab har ikki yilda bir marta O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari o‘rtasida “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot” respublika ko‘rik-tanlovining o‘tkazilishi bu sohada qo‘yilgan muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Ko‘rik-tanlovning o‘tkazilishi natijasida korxona, tashkilot va muassasalarda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy himoyasini ta’minlash borasidagi amaliy ishlarga, ularga yetarli mehnat va maishiy sharoitlarning yaratib berilishini, jamoa shartnomalarida belgilangan imtiyozlardan barcha xodimlar birdek foydalanishlarini, kasaba uyushmalari qo‘mitalari va tashkilotchilari faoliyatining oshkoraligini ta’minlash masalalariga boshlang‘ich tashkilotlarning e’tibori kuchaydi.

Barcha boshlang‘ich tashkilotlarni ko‘rik-tanlovda faol ishtirok etishga jalb qilish maqsadida, 2013-yilda ko‘rik-tanlovning respublika final bosqichida ishtirok etgan, ammo g‘oliblikni qo‘lga kiritmagan barcha boshlang‘ich tashkilotlar Federatsiya Kengashining, quyi bosqichlarda ishtirok etgan boshlang‘ich tashkilotlar esa tegishli kasaba uyushmalari organlarining rag‘batlantiruvchi mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Ko‘rik-tanlovning quyi bosqichlari va respublika final bosqichida ishtirok etgan va g‘oliblikni qo‘lga kiritgan boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini ommalashtirish maqsadida ularda boshqa boshlang‘ich tashkilotlar raislari uchun amaliy mashg‘ulotlar, seminarlar tashkil etish yo‘lga qo‘yildi.

Joriy yilning 27-may kuni Angren shahar 9-Bolalar musiqa va san’at maktabida Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Angren shahar kengashi tizimidagi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari o‘rtasida ko‘rik-tanlov tashkil etildi va o‘tkazildi.

Tanlov e’lon qilingandan buyon shahar Kengashining ishchi guruhiga 70 dan ortiq boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarining ko‘rik-tanlovda ishtirok etish istagi bilan tasdiqlangan Nizom asosida hujjatlar topshirildi. Ishchi guruhi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqib, shahar bosqichining yakuniy bosqichiga 43 ta boshlang‘ich tashkilotni tanlov ishtirokchisi etib tavsiya berildi.

Ishchi guruhi tanlov kuni boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar va ko‘rgazmalarni o‘rganib chiqdi. Ishchi guruhining qaroriga binoan 100 dan ortiq a’zosi bor kasaba uyushma tashkilotlari o‘rtasida 1-o‘ringa munosib deb 17-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 2-o‘ringa munosib deb 34-maktab internati va 3-o‘ringa munosib deb 73- maktab internati boshlang‘ich kasaba uyushmalari tashkilotlari e’lon qilindi.

Kasaba uyushma a’zolarining soni 100 nafargacha bo‘lgan tashkilotlar o‘rtasida esa 1-o‘rinlarni 28-umumiy o‘rta ta’lim maktabi va 31-maktabgacha ta’lim muassasasi, 2-o‘rinlarni 9-ixtisoslashtirilgan yordamchi maktab va 15-maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 3-o‘rinlarni 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 26-maktabgacha ta’lim muassasasi va 37-maktabgacha ta’lim muassasasi tashkilotlari qo‘lga kiritishdi.

Tanlov g‘oliblari va tanlovda faol ishtirok etgan boshlang‘ich tashkilotlar diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Shu bilan birgalikda boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan o‘z faoliyatlariga doir tayyorlangan slaydlar, sahnaviy ko‘rinish hamda badiiy chiqishlar tanlovning qiziqarli va samarali o‘tishiga hissa qo‘shdi.


Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar