25/08/2017
XIVA – MA’NAVIYAT CHASHMASI

1 - копия

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 26 yilligi munosabati bilan Xorazm viloyat ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushma tashkilotlari a’zolari bo‘lgan 300 dan ziyod chekka qishloqlarda yashovchi soha vakillarining Xivaga sayohati tashkil qilindi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Rayosatining “2017-2021 yillar mobaynida xodimlar hamda ularning oila a’zolarini Xorazm viloyati va Xiva shahriga sayohatlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bugungi kunda ko‘plab kasaba uyushmasi a’zolarining azim Xivada bo‘lib, ma’naviyat, madaniyat sarchashmalaridan bahramand bo‘lishlariga xizmat qilmoqda.

Ikki yarim ming yillik tarixga ega Xiva shu davr maboynida ne suronlarni boshdan kechirmagan. Bu yerda boboyu momolarimiz har doim ertangi kunga umid va ishonch bilan umrguzaronlik qilganlar. Mana shu ishonch ularni dunyoni hayratlantiruvchi imoratlar barpo etishga, ilm-fan, adabiyot, madaniyatni taraqqiy ettirishga undagan. Ajdodlarimiz qoldirgan bebaho meros bugun ham jahon hamjamiyatining diqqatini tortib, yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qilmoqda. Shunday ekan, har bir madaniy meros ob’yektini ko‘z qorachig‘idek asrab, avlodlarga bus butun holida yetkazish bugungi kunning dolzarb vazifasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi “2017-2021 yillarda Xorazm viloyati va Xiva shahrining turizm salohiyatini kompleks rivojlantirish Dasturi to‘g‘risida”gi qarori ayni shu maqsadga xizmat qiladi. Bugungi kunda ushbu qaror asosida viloyatda qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Yaqin fursatda Ichan-qal’a atrofi butunlay yangi qiyofa kasb etadi. Uyushtirilgan sayohat ham ushbu qaror ijrosini ta’minlashga qaratilgan.

Mamlakat rahbari ma’naviyat eng ta’sirchan va qudratli qurol ekanligini e’tirof qilgan holda, xalq, jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Yurtdoshlarimizning, ayniqsa yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini shakllantirishda bu kabi sayohatlar muhim ahamiyat kasb etadi.

“Ichan qal’a” bilan tanishuvdan so‘ng kasaba uyushmasi a’zolari Xivadagi “Ismoil ota” to‘yxonasida yig‘ildilar. Bu yerda “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil qilindi. Tarmoq xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Xorazm viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Muyassar Rahimova va boshqalar so‘zga chiqib, mustaqillik oliy qadriyat ekanligini e’tirof etdilar.

Bugun mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida ko’plab ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu qomusiy hujjat taraqqiyotimizni yangi bosqichga ko‘taribgina qolmay, xalqimizning farovon turmushini ham kafolatlamoqda. Odamlarni rozi qilish bugungi kunning bosh maqsadiga aylanganligi xalqimizning davlatga, davlat idoralariga, o‘z kelajagiga, ertangi kunga ishonchini oshirmoqda. Barchamizniki bo‘lgan shu aziz vatanimizda turli millat va elat vakillari do‘stu birodar, quda-anda bo‘lib hamjihat umrguzaronlik qilmoqda.

Mamlakatimiz rahbari tomonidan kitob mutolaasiga alohida e’tibor qaratilayotganligi, ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlar sohaning har bir vakilidan davr bilan hamnafas odimlashni talab qilib, yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shishga undaydi. Bular haqida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tashkil qilingan “Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik!” shiori ostidagi Forumda ham ta’kidlangan edi. Tarmoq kasaba uyushmasi Xorazm viloyat tashkilotlarida ushbu forumda bildirilgan tashabbuslar, forum ishtirokchilarining murojaati qo‘llab quvvatlanmoqda. Ma’anaviy-ma’rifiy tadbirda shular xususida atroflicha so‘z bordi. Yangragan milliy kuy va qo‘shiqlar kasaba uyushmasi a’zolarning bayramona kayfiyatlariga yanada ko‘tarinkilik baxsh etdi.

5 - копия


Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar