16/02/2018
Toshkent viloyatida “Jamoa shartnomasi xodimlar o‘rtasidagi mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soluvchi mahalliy normativ hujjat”mavzusida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi

1

2018-yilning 14-fevral kuni Toshkent tumanidagi 11-sonli umumta’lim maktabida “Jamoa shartnomasi-xodimlar o‘rtasidagi mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soluvchi mahalliy normativ hujjat”mavzusida viloyat o‘quv-seminari bo‘lib o‘tdi. Seminarda Ta’lim fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmalari Toshkent viloyati tuman, shaharlari kengashlari raislari, Toshkent tumanidagi umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari boshlang‘ich kasaba uyushmalari qo‘mitalari raislaridan iborat 50 dan ortiq kishi ishtirok etdilar.

Seminar ishtirokchilari kun tartibiga ko‘ra 11-umumta’lim maktabi boshlang‘ich kasaba uyushmasi faoliyati bilan tanishdilar. Maktab o‘quvchilari tomonidan Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlariga bag‘ishlangan badiiy kompozitsiya namoyish etildi. So‘ngra yig‘ilganlar11-umumta’lm maktabi ma’muriyati va kasaba uyushmasi o‘rtasida tuzilgan jamoa shartnomasining 2017 yildagi ijrosiga bag‘ishlangan maktab jamoasining umumiy yig‘ilishida ishtirok etdilar. Umumiy yig‘ilishda maktabda ishlab turgan 66 nafar xodimdan 49 nafari qatnashdi. 3 nafar o‘qituvchi kasalligi, 14 nafari dars mashg‘ulotlarida bo‘lgani sababli yig‘ilishda qatnashmadilar.

Yig‘ilish kun tartibida

1. Toshkent tumani 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabida mehnat qilayotgan xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoyalashga qaratilgan  ma’muriyat va kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida tuzilgan jamoa shartnomasining 2017-yilda bajarilishi to‘g‘risida.

2. Toshkent tumani 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ma’muriyati va kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida tuzilgan jamoa shartnomasining bajarilishini tekshirib boruvchi komissiya dalolatnoma-ma’lumotnomasini tasdiqlash to‘g‘risida.

3. Toshkent tumani 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ma’muriyati va kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida 2018-2020-yillarga mo‘ljallab tuziladigan yangi jamoa shartnomasini muhokama qilish va ma’qullash to‘g‘risida kabi masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilish kun tartibiga ko‘ra jamoa shartnomasida ko‘zda tutilgan muassasa ma’muriyati va kasaba uyushmasining majburiyatlari bajarilishi yuzasidan maktab direktori N.Shoyunusova va kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi G.Rashidovalarning hisobotlari, jamoa shartnomasining bajarilishini tekshirib boruvchi komissiya dalolatnoma-ma’lumotnomasi eshitildi.

Ularga ko‘ra xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash maqsadida o‘tgan yilda byudjet mablag‘laridan 4 mln. 660 ming so‘mlik jihozlar olingan, maktab binosining yo‘laklari va sinf xonalarida 50 ta nuqtaga energiya tejovchi lampalar qo‘yilgan, maktab vasiylik kengashi tomonidan 7 mln. 250 ming so‘mlik qurilish mollari olib berilgan va sinf xonalari ta’mirlangan,19 nafar o‘qituvchilar direktor jamg‘armasi mablag‘laridan 15-20% li ustamalar, 64 nafar xodim bir martalik mukofot pullari olishgan, bayramlar munosabati bilan 4 nafar nafaqada bo‘lgan ustozlarning holidan xabar olib borilgan, bayram kunlari navbatchilikda turgan 11 nafar xodimlarga jamoa shartnomasiga ko‘ra tinim(otgul) berilgan, yozgi ta’til vaqtida maktabda ikki mavsumda tashkil etilgan oromgohda 120 nafar o‘quvchi dam olgan bo‘lsa, shulardan 25 nafarini xodimlarning farzandlari tashkil etgan.

“Ustoz-shogird” an’anasiga ko‘ra 5 nafar yosh mutaxassislarga tajribali o‘qituvchilar biriktirilgan, maktabda jamoa shartnomasi va shu asosida ishlangan ichki tartib, texnika xavfsizligi qoidalariga, sanitariya-gigiena talablariga rioya etilgani natijasida yil davomida ma’muriyat va xodimlar o‘rtasida nizoli vaziyatlar, baxtsiz xodisalar yuz bermagan.

Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tashabbusi bilan maktabda turli sanalarga bag‘ishlab xodimlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari o‘tkazish an’anaga aylangan, maktab o‘qituvchilari tuman miqyosida o‘tkaziladigan barcha tadbirlarda faol ishtirok etadilar. Faol va ehtiyojmand xodimlarga yil davomida kasaba uyushmasi mablag‘laridan mukofot, sovg‘alar, madaniy dam olishlarini tashkil etish uchun teatr va konsertlarga chiptalar, sanatoriylarga yo‘llanmalar berilgan. Bu maqsad uchun 4 mln. 812 ming so‘m kasaba uyushmasi mablag‘lari sarf etilgan.

Kasaba uyushma qo‘mitasi tashabbusi bilan maktabda bir necha yildan buyon ishlamay turgan 2 sotix issiqxona qayta ishga tushirilgan, hozirgi kunda unda limon va bodring ko‘chatlari parvarishlanib, ko‘katlar yetishtirilmoqda. Biroq, jamoa shartnomasining mehnatni muhofaza qilishga oid 8-bo‘limining 77 – bandi, ya’ni tibbiy ko‘rikni xodimlarning chiqimdor bo‘lmagan holda tashkil qilinishida muammolar saqlanib qolgan.

So‘ngra yig‘ilishda 2018-2020-yillarga mo‘ljallab tuziladigan yangi jamoa shartnomasi loyihasi muhokama qilindi.

Yuqoridagi masalalar yuzasidan muzokaralarda maktab jamoa a’zolaridan N.Jabborova, S.Ataboyeva, N.Zokirova va boshqalar, shuningdek seminarda ishtirok etayotgan Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Toshkent viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi R.Gaziyeva, tuman kengashi raisi A.Zokirovlar so‘zga chiqdilar.

Kun tartibida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha qaror qabul qilindi.

11-maktab jamoasi umumiy yig‘ilishidan so‘ng tuman, shahar kengashlari raislari bilan R.Gazieva rahbarligida jamoa shartnomalarini ishlab chiqish, tashkilot va muassasalarda hisobot yig‘ilishlarini o‘tkazish, kasaba uyushmalari boshlang‘ich tashkilotlarining faolligini oshirishning dolzarb masalalari yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi. Yangi jamoa shartnomasini tuzish va ularga kiritilishi lozim bo‘lgan bo‘lim va bandlar masalalarida kelishib olindi.


Ijtimoiy himoya, Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar