12/09/2017
«O‘zbek adabiyotining o‘chmas yulduzlari» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi

2 - копия

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamda “Ijtimoiy fikr” Markazi kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan hamkorlikda o‘zbek adabiyotining zabardast namoyandalari Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va Muhammad Yusuf ijodining nodir namunalari bilan o‘zbek kitobxoni tafakkurini yanada boyitish maqsadida «O‘zbek adabiyotining o‘chmas yulduzlari» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazdi.

Tadbirda adabiyotshunos olimlar, shoirlar, yozuvchilar, o‘qituvchilar, talabalar va “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrining o‘rganish Markazi xodimlari ishtirok etdilar. Tadbirni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Sh.Jo‘rayev ochar ekan, mustaqillik yillarida buyuk ajdodlarimizning umrboqiy ilmiy-ma’rifiy, ma’naviy merosini o‘rganish borasida olib borilayotgan ezgu sa’y-harakatlar milliy adabiyotimizni rivojlantirish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda amalga oshirilayotgan ulkan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, tadbir ochilishida so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi Farmoyishi bu kabi tadbirlarni o‘tkazishda asos bo‘lishini alohida ta’kidladilar.

Filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi N.F.Karimov va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi B.A.Nazarovlar o‘zlarining ma’ruzalarida ma’naviyat va ma’rifatni yuksaltirish, barkamol avlodni voyaga yetkazish, ona tilimiz, milliy adabiyotimiz ravnaqida ulug‘ shoir va yozuchilarimiz ijodining ahamiyati beqiyos ekanini aytib, ular o‘z she’rlarida ulug‘lagan yurt ravnaqi, obodligi, osuda va farovon hayot, jamiyatdagi barqarorlik, o‘zaro totuvlik va ahillik, mehr-oqibat muhitini asrab-avaylashdek ezgu g‘oyalar ilgari surilgani haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek O‘zbekiston Fan arbobi Ibroxim G‘ofurov va I.Xaqqulovlar ham adiblar to‘g‘risida o‘z fikr mulohazalarini bildirdilar.

Shundan so‘ng, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi kichik ilmiy xodimi G.I.Teshaboyevaning “Muhammad Yusuf she’rlarida Vatan madhi” nomli ma’ruzasi tinglangdi. G.I.Teshaboyeva o‘z chiqishida Muhammad Yusufning Vatanni madh etgan she’rlarini jonli ijroda ashula qilib aytgani tadbirni yanada jonlantirdi. Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqan boshqa ishtirokchilar tomonidan, hozirgi globallashuv davrida Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va Muhammad Yusufning insoniy barkamollik, odob-ahloq, beg‘ubor va pokiza tuyg‘ular ulug‘langan she’rlari yoshlar tarbiyasida dolzarblik kasb etayotgani, shu bois ulug‘ shoirlarning ijod namunalari keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilayotganini ta’kidladilar. Shu bilan birga, ishtirokchilar o‘rtasida she’rxonlik bahslari ham o‘tkazildi.

Xususan, adabiyotshunos N.Mo‘minov va talabalarning shoirlar ijodidan yonib aytgan she’lari tadbirni yanada qizdirdi. Tadbir so‘ngida ma’ruzachilarga, hamkor tashkilotchilarga hamda tadbirda adiblarning she’rlari bilan o‘z chiqishlarini qilgan eng faol ishtirokchilarga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va Muhammad Yusuf she’rlari chop etilgan kitob to‘plamlari va estalik sovg‘alari berildi.

4 - копия

 

 

 

 

 

 

3 - копия


Madaniy-ma`rifiy, Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar