28/06/2018
“Yilning eng faol yosh mutaxassisi” tanlovining “Eng faol yosh olim” nominatsiyasi respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi.

photo_2018-07-04_18-06-41O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 iyuldagi PF-5106-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, yosh olimlarning har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lib kamol topishiga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh mutaxassislarni aniqlash, kasbiy mahorati va bilim darajasini oshirish maqsadida “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” tanlovining “Eng faol yosh olim” nominatsiyasi respublika bosqichi tashkil etildi. “Eng faol yosh olim” nominatsiyasining tashkilotchisi O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda joriy yilning aprel-may oylarida mazkur tanlovning muassasa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar bosqichlari o‘tkazildi. 

Tanlovning Respublika bosqichiga qadar 150 nafardan ortiq ishtirokchi-yosh olimlar o‘zaro raqobatga kirishganlari bu tanlovning naqadar ahamiyatga ega ekanligidan dalolat beradi. “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” tanlovining “Eng faol yosh olim” nominatsiyasi bo‘yicha Respublikamizning har bir hududidan, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan bir nafardan, jami 14 nafar yosh olimlar ishtirok etishdi.

Yosh olimlar hakamlar tomonidan ularning sohadagi umumiy ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, xorijiy davlatlarning nufuzli ilmiy muassasalarida malaka oshirganligi, ilmiy kengash yoki yosh olimlar kengashidagi faolligi, chet tilini o‘zlashtirganligi, davlat ahamiyatiga ega yutuqlari, mehnat huquqi sohasidagi bilimlari, yangi ixtirolar, nou-xau, ilmiy-texnik ishlanmalar, patentlar va mualliflik ishlari, innovatsion ko‘rgazmalardagi ishtiroki, ilmiy natijalari va fanga doir natijalarini yorituvchi monografiyalar, so‘ngi uch yilda nashr qilingan ilmiy ishlari, konferensiyalar, Davlat ilmiy-texnik dasturlardagi ishtiroki hamda “Ustoz-shogird” tizimida amalga oshirgan ishlari bo‘yicha baholandi va yakuniy natijalarga ko‘ra 1-o‘rinni Buxoro muhandislik texnologiya instituti Kasb ta’limi kafedrasi katta o‘qituvchisi Alimov A’zam Anvarovich, 2-o‘rinni O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti katta ilmiy xodimi An Yekaterina Vladimrovna, 3-o‘rinni Termiz davlat universiteti Kimyo kafedrasi o‘qituvchisi Eshqurbonov Furqat Bozorovichlar egalladi.

Barcha ishtirokchilar va g‘oliblar tanlov tashkilotchilarining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Tanlov g‘oliblari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan tashkil etiladigan “Yosh mutaxassislar” respublika V Forumida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar.


Без рубрики

Izlash

 

So`ngi e`lonlar