20/07/2018
“Ta’lim tizimida mehnat munosabatlari muammolari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

_DSC3673

O‘zbekiston Respublikasida inson hayoti va faoliyatining barcha sohalarida majburiy mehnatning oldini olish va unga to‘liq barham berishga doir aniq hamda amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bilan faol hamkorlik qilinmoqda, ushbu tashkilotning 14 ta, jumladan, 8 ta asos soluvchi konvensiyalari ratifikatsiya qilindi. Respublikada XMT Konvensiyalarini hayotga tatbiq etishga doir Munosib mehnat bo‘yicha mamlakat dasturi qabul qilingan bo‘lib, u milliy mehnat qonunchiligini va mehnat bozorini rivojlantirishga, bandlikni, ijtimoiy muhofazani va aholi bilan muloqotni ta’minlashga yo‘naltirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi 2017 yil 4 oktyabrdagi SQ-231-III-son qarori bilan bolalar mehnati va majburiy mehnatdan biron-bir shaklda foydalanishning oldini olish va bunga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ushbu yo‘nalishda kompleks tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan parlament nazorati instituti joriy etildi.

_DSC3728Ko‘rilgan chora-tadbirlar bolalar mehnatiga to‘liq barham berish, shuningdek, majburiy mehnatning oldini olish va bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun yetarli normativ-huquqiy bazani shakllantirish imkonini berdi, bu jahon hamjamiyati, xususan, XMT, Jahon banki va Yevroparlament tomonidan yuqori baholandi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 349-sonli hamda 2018 yil 31 maydagi “2018-2020 yillarda Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan konvensiyalarini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash to‘g‘risida”gi 407-sonli qarorlari qabul qilindi va barcha vazirlik va idoralarga bir qator muhim topshiriqlar berildi.

Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida ta’lim tizimi vazirliklarining buyruqlari qabul qilinib, unda tashkilot rahbarlariga pedagog xodimlar hamda talaba-yoshlarni majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, metall chiqindilari va makulatura yig‘ish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish holatlarining zudlik bilan oldini olish choralarini ko‘rib borish, majburiy mehnatdan foydalanish bo‘yicha aniqlangan har bir holat yuzasidan tegishli axborotni javobgarlik choralarini qo‘llash uchun huquqni muhofaza qilish organlariga zudlik bilan xabar berish, ishchi-xodimlar va talaba-yoshlarni hashar ishlariga ixtiyoriy ravishda jalb etish masalalari mazkur qaror talablariga muvofiq amalga oshirilishini nazorat qilib borish vazifalari yuklatildi.

_DSC3750

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 407-sonli qarorining 8-bandida voyaga yetmaganlarning huquqlarini va O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan XMT konvensiyalarini o‘rganishga qaratilgan maxsus o‘quv dasturlarini ishlab chiqish hamda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida, malaka oshirish institutlarida joriy etish, 19-bandda esa o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun “Mehnat huquqi” va “Xalqaro mehnat huquqi” fani bo‘yicha darsliklar tayyorlashni va nashr etishni tashkil etish yuzasidan vazirliklarga aniq topshiriqlar berilgan.

Hozirda, barcha ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan kasaba uyushma qo‘mitalari tomonidan mehnat qonunchiligini buzilishini oldini olish, mehnat munosabatlarini tartibga solish borasida xodimlarni ijtimoiy-huquqiy himoyasi borasida sezilarli ishlar olib borilmoqda.

2018 yil 19 iyul kuni O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan tashkil qilingan “Ta’lim tizimida mehnat munosabatlari muammolari” mavzusidagi davra suhbati aynan shu masalalarga qaratildi.

O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim vazirliklari, Kasb-hunar ta’limi Markazi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi talablari asosida Tarmoq kelishuvlari imzolangan hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Mazkur tarmoq kelishuvlarida xodimlarning ijtimoiy-mehnat va huquqiy himoyasi, mehnat munosabatlarini tartibga solish, mehnat qonunchiligi buzilishini oldini olishga qaratilgan ko‘plab masalalar, shuningdek xalqaro va milliy mehnat standartlari o‘z aksini topgan va uning asosida tizimdagi barcha tashkilotlarda jamoa shartnomalari imzolangan. Jamoa shartnomalari tashkilotda xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishdagi muhim huquqiy manba hisoblanadi.

_DSC3670Davra suhbatida Tarmoq kelishuvining taraflari sifatida vazirliklar rahbariyati, huquqshunoslar, kadrlar boshqarmasi boshliqlari barcha hududlardan kelgan kasaba uyushma faollari savollariga javob berdilar va tarmoq kelishuvlari ijrosi yuzasidan 2018 yilning olti oyi davomida tizimda olib borilgan ishlar yuzasidan hisobot berdilar.

Davra suhbatida pedagoglarning ish vaqtini to‘g‘ri tashkil qilish, ularni turli qo‘shimcha ishlarga jalb qilmaslik, ish haqlaridan turli maqsadlarda ushlab qolishni oldini olish, huquqiy savodxonligini yanada oshirish, tizimda mehnat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish uchun ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha tegishli davlat organlariga takliflar kiritish kabi masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 407-sonli qarorida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan o‘z faoliyati sohasida majburiy mehnat xavf-xatarlarining oldini olish uchun chora-tadbirlar tizimi ishlab chiqilishini ta’minlash vazifasi belgilangan. Mazkur davra suhbatida ko‘tarilgan masalalarni inobatga olgan holda vazirliklar Respublika kasaba uyushmasi bilan birgalikda qo‘shma chora-tadbirlar ishlab chiqib tasdiqlashga kelishdilar.

Ta’lim tizimidagi shiddatli takomillashtirishlar jarayonida vazirlik va tizimdagi fidoyi xodimlarga Respublika kengashi tomonidan e’tibor qaratilayotganligidan, bu an’anani yanada davom ettirish, ya’ni xodimlarni ijtimoiy, huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash mehnat unumdorligiga ijobiy ta’sir qiluvchi omil ekanligi yana bir bor ta’kidlandi.

 


Bosh sahifada aylanish, Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar