19/09/2018
“Baxtiyorlar diyori” ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.

photo_2018-09-20_14-25-09

Joriy yilning 18 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamkorligida kasb-hunar kollejlari va akademik litseylari o‘quvchi-yoshlari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.Karimov xotirasiga bag‘ishlangan “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart!” degan shior ostida “Baxtiyorlar diyori” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi tashkil etildi.

Joriy yilning aprel-iyun oylari davomida tanlovning saralash va hududiy bosqichlari o‘tkazildi.

Mustaqillik davri sharoitida yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanishni o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillariga keng targ‘ib qilish, o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli va maqsadli tashkil etish, ular o‘rtasida do‘stlik va ijodiy yaqinlikni o‘rnatish, yoshlar ma’naviyatini yanada yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan tadbirlar barcha viloyatlarda yuqori saviyada tashkil etildi.

Mazkur ko‘rik-tanlovlarning quyi bosqichlarida Samarqand temir yo‘l transport kasb-hunar kolleji, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Jizzax akademik litseyi, Olmaliq qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi kasb-hunar kolleji va Toshkent shahar pedаgogika kollejining jamoalari yuqori natijalar ko‘rsatib ko‘rik-tanlovning Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.

Ko‘rik-tanlovning saralash va hududiy bosqichlarida xalqimiz tinchligi, farovonligi yo‘lida fidokorona faoliyat olib borayotgan, mehnat va shijoati bilan yoshlarga ibrat bo‘la oladigan, e’tirofga sazovor bo‘lgan qahramonlarimiz, shoir va yozuvchilar, ustozlar, madaniyat xodimlari, sport ustalari, san’atkorlar bilan bir qatorda san’at, madaniyat, sport sohasida, shuningdek “Nihol”, “Zulfiya” mukofotlari g‘oliblarining o‘quvchi-yoshlar bilan uchrashuvlari o‘tkazildi.

photo_2018-09-20_14-27-19

Ko‘rik-tanlovning respublika bosiqichida o‘quvchi-yoshlar “Tabarruk dargoh”, “Ajdodlarga munosib avlodmiz!” va “Baxtiyorlar diyori” nomli shartlar asosida o‘zaro bellashishdi. Shartlar orqali ishtirokchilar istiqlol sharofati bilan mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar natijasida o‘zlari yashayotgan hududlari, tahsil olayotgan ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ibratli ishlar va o‘zgarishlarni o‘quvchi-yoshlar hayotidagi o‘rni, tariximiz, millatimiz iftixorlari bo‘lgan ajdodlarimiz va bugungi zamonamiz qahramonlarining buyuk ishlari, o‘z tengdoshlari va ularning ibratli ishlarini o‘quvchi-yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati, O‘zbekistonni madh etuvchi, Vatanga muhabbat va sadoqat, insonparvarlik fazilatlarini targ‘ib qiluvchi, Mustaqil yurtimizning taraqqiyoti uchun jadal olib borilayotgan ishlarda yanada faollikka chorlovchi, tinchlikni kuylovchi, do‘stlik kayfiyati aks etgan sahna asarlari, qo‘shiqlar, milliy raqslar hamda yoshlarni fidokorlikka undovchi ijodiy chiqishlarini san’at turlari orqali namoyish etdilar.

Ko‘rik-tanlovning yakuniy bosqichi natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qoshidagi Jizzax akademik litseyi o‘quvchilari jamoasi, 2-o‘rinni Toshkent shahar pedagogika kolleji o‘quvchilari jamoasi va 3-o‘rinni Samarqand temir yo‘l transport kasb-hunar kolleji o‘quvchilari jamoasi qo‘lga kiritdi.

Ko‘rik-tanlov yakunida barcha ishtirokchilar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.


Madaniy-ma`rifiy, Yangiliklar, Yoshlar birlashmasi

Izlash

 

So`ngi e`lonlar