28/12/2018
Xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlantirilmoqda.

БезымянныйO‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, xorijiy davlatlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy, gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Respublikada eng ommaviy jamoat tashkiloti bo‘lgan kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ham xorijiy davlatlarning kasaba uyushmalari markazlari, xalqaro kasaba uyushmalari birlashmalari bilan aloqalarni rivojlantirish sohasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Ta’kidlash zarurki, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi faoliyatida har tomonlama manfaatli xalqaro aloqalarni  rivojlantirish sohasida Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi (VKP) bilan hamkorlikni kuchaytirish masalasi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasiga Rossiya, Belorus, Ozarbayjon, Armaniston, Moldova, Gruziya, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlarining kasaba uyushmalari markazlari, shuningdek, 26 ta xalqaro tarmoq kasaba uyushmalari birlashmalari a’zo hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida: Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida davlatlararo miqyosda  keng tan olingan xalqaro tashkilot hisoblanadi, MDH qatnashchi davlatlari Parlamentlararo Assambleyasida kuzatuvchi maqomiga ega,  MDHning Iqtisodiy kengashi, shuningdek, boshqa davlatlararo organlari ishida faol qatnashib keladi. Shu bilan birga BMTning ixtisoslashtirilgan tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi, unga Yevropa bo‘yicha mintaqaviy maslahatchi, BMT jamoat bilan aloqalar Departamentining nodavlat tashkilotlari Qo‘mitasi, Iqtisodiy va ijtimoiy Kengashida maslahatchi maqomiga ega.

Qayd etib o‘tish lozimki, Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishi MDH, shuningdek xalqaro tashkilotlar, birinchi navbatda BMTning ixtisoslashtirilgan tashkilotlarida O‘zbekiston manfaatlarini himoya qilishda mazkur tashkilot, shuningdek, unga a’zo bo‘lgan xalqaro tarmoq kasaba uyushmalari birlashmalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanish imkoniyatini yaratadi. Shu bois ham O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi bilan mazkur xalqaro kasaba uyushmalari birlashmasiga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasini a’zolikka qabul qilish yuzasidan muzokaralar olib borilib, ushbu masalani  kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining sayyor yig‘ilishida ko‘rib chiqish, yig‘ilishni esa Toshkent shahrida o‘tkazish haqida kelishuvga erishilgan edi.

Joriy yilning 24 dekabr kuni poytaxtimizda Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi (VKP) Ijroiya qo‘mitasining sayyor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasining nufuzli delegatsiyasi vakillari – Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi rahbarlari va a’zolari, xususan, Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi Prezidenti Mixail Shmakov, Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi vitse-prezidenti, MDH o‘rmon xo‘jaligi tarmoqlari Xalqaro kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Viktor Karnyushin, Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi Bosh kotibi Vladimir Щyerbakov, tarmoq kasaba uyushmalari Xalqaro birlashmalari mutasaddilari, Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi horijiy davlatlarning kasaba uyushmalari markazlari rahbarlari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi rahbariyati va mas’ul xodimlari, tarmoq kasaba uyushmalari Respublika kengashlari va hududiy kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalari rahbarlari ishtirok etdilar.

Tadbir avvalida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafikov bugungi kunda O‘zbekistonda inson manfaatlarini ta’minlash yo‘nalishida barcha sohalarda birdek olib borilayotgan islohotlar va ularning natijalarini alohida ta’kidlab o‘tdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan turli sohalarda, ayniqsa ijtimoiy-mehnat munosabatlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar aholi hayoti sifatini va turmushi farovonligini oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli ekanligi e’tirof etildi. Bunda eng katta mas’uliyat ijtimoiy-mehnat munosabatlarining asosiy sub’yektlari – xodimlar, ish beruvchilar va davlat zimmasiga to‘g‘ri kelishi ta’kidlandi. Shuningdek, mamlakatimizda fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoyalash, aholi bandligi, mehnat muhofazasi, mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish yo‘nalishlarida olib borilayotgan tizimli ishlar e’tirof etildi. Xususan, fuqarolarning o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etishi, ular faolligini oshirish uchun O‘zbekistonda barcha shart-sharoitlar yaratilganligi ta’kidlandi. Bu boradagi ishlarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining, eng avvalo davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirayotgan Nodavlat notijorat tashkilotlari, ayniqsa, kasaba uyushmalarining muhim o‘ringa ega ekanligi qayd etildi.

Tadbirda  ta’kidlanganidek,  mazkur  jarayonda  O‘zbekiston  Respublikasi  Vazirlar  Mahkamasi,  Kasaba  uyushmalari  Federatsiyasi, Savdo-sanoat  palatasi  o‘rtasida  2017-2019 yillar uchun tuzilgan ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga oid Bosh kelishuv alohida ahamiyatga ega. Bugungi kunda O‘zbekistonda umumrespublika miqyosida mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning asosiy hujjati hisoblangan mazkur Bosh kelishuv asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida 14 ta hududiy kelishuv, respublika miqyosida 100 ga yaqin tarmoq kelishuvi, bevosita korxona, tashkilot va muassasalarda esa 170 mingdan ortiq jamoa shartnomalari amal qilmoqda. Eng muhimi bugun davr talabidan kelib chiqqan holda Jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali xodimlar bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalari hal etilmoqda.

O‘z navbatida Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va amalda izchil tatbiq etilayotgan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” doirasida O‘zbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan mutlaqo yangicha ijtimoiy siyosat, inson manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalari dunyo hamjamiyati va nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ekspertlar tomonidan e’tirof etilayotganiga alohida e’tibor qaratdilar. Shuningdek, bugun nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida yangi tamoyillar kuchga kirgani, ko‘p yillardan beri mavjud bo‘lgan muammolarni hal etish, savdo-iqtisodiy va madaniy-ijtimoiy aloqalarni kengaytirish, aholining barcha qatlamlari ijtimoiy himoyasini kuchaytirish uchun qulay imkoniyatlar ochilganini e’tirof etib o‘tdilar. Bugun mamlakat Prezidenti tashabbusi bilan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotini rivojlantirish, aholining turmush farovonligini oshirish bo‘yicha izchil va aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar miqyosi jihatidan betakrorligi bilan ahamiyatli ekanligini, mazkur islohotlar har bir insonga yo‘naltirilganligi, eng muhim ijtimoiy masalalarni hal etish uchun maqsadli dasturlar amalga oshirilayotgani, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda yirik o‘zgarishlar ro‘y berayotgani bois dunyo hamjamiyati e’tiborini tortayotgani va e’tirofiga sazovor bo‘layotganini ta’kidladilar.

Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining Toshkentda bo‘lib o‘tgan sayyor yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasining “Kasaba uyushma harakati oldidagi xizmatlari uchun” Faxriy oltin nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi taklif kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi mehnatkashlarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini ta’minlash, umummilliy miqyosda ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, O‘zbekiston kasaba uyushmalari nufuzini oshirish borasidagi ulkan  hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasining “Kasaba uyushma harakati oldidagi xizmatlari uchun” Faxriy oltin nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi taklif bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanib, qabul qilindi.

Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi (VKP) Ijroiya qo‘mitasining sayyor yig‘ilishida shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasini Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi a’zoligiga qabul qilish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Ushbu masala bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi a’zoligiga qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi va Kasaba uyushmalari Umumkonfederatsiyasi a’zosi hisoblangan Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmalari Xalqaro birlashmasi o‘rtasida kelgusi faoliyatdagi hamkorlik bo‘yicha ham kelishib olindi.

                                                                                                                                                                                                                                      kasaba.uz  sayti materiallaridan foydalanildi.

 


Bosh sahifada aylanish, Tashkiliy faoliyat, Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar