14/01/2019
Vatanni sevmoq iymondandir

voleybol12

Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent tumani kengashi tashabbusi bilan tarmoq kasaba uyushmasi xizmati yo‘lga qo‘yilgan tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan va ta’lim olayotgan yoshlar o‘rtasida harbiy xizmatchilarni va Qurolli Kuchlar faxriylarini jalb etgan holda “Vatan muqaddas uni himoya qilish sharafli burchdir!” shiori ostida tadbirlar, uchrashuv va kechalar tashkil etildi.

Shuningdek, tuman miqyosida sportning voleybol turi bo‘yicha Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent tumani kengashi,  Mudofaa, Jismoniy tarbiya va sport bo‘limlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi hamkorligida umumta’lim maktablari o‘qituvchilari, yoshlar yetakchilari hamda tumanda joylashgan harbiy qismlarda xizmat burchini o‘tayotgan askarlar jamoalari o‘rtasida “Hokim kubogi” uchun musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Tuman kengashi tashabbusi bilan musobaqa oldidan harbiy qismlar komandirlari, askarlari va 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabining yuqori sinflarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarining uchrashuvi tashkil etildi. Uchrashuvda so‘zga chiqqan harbiy qism komandiri va askarlar mustaqillik yillarida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari bosib o‘tgan yo‘l, uning bugun jahonda va mintaqada tutgan mavqei, Vatan himoyachisi bo‘lish sharafi va mas’uliyati haqida gapirdilar. Uchrashuv yakunida harbiy xizmatchilarga tuman kengashi raisi A.Zakirov muallifligida nashr etilgan “Oilang obod bo‘lsin” nomli risola esdalik sifatida taqdim etildi.

voleybol

Uchrashuvdan so‘ng sport musobaqalari tashkil etildi. Do‘stona va professional darajada o‘tgan ushbu musobaqalarda harbiylar jamoasi 1-o‘rinni, xalq ta’limi bo‘limi jamoasi 2-o‘rinni, umumta’lim maktablari yoshlar yetakchilari jamoasi 3-o‘rinni egalladilar. Musobaqa g‘oliblari va ishtirokchilari tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari hamda diplomlar bilan taqdirlandi. Vatanparvarlik oyligida barcha hududlarda uchrashuvlar, ochiq muloqotlar va musobaqalar o‘tkazilishi davom etmoqda.

 

 

 


Bosh sahifada aylanish, Madaniy-ma`rifiy, Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar