04/04/2014
Kasaba uyushma tashkilotlarining ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan seminar

IMG_20140329_105344Ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Xorazm viloyat tashkiloti tomonidan “Ustav talablari asosida faoliyatni yo‘lga qo‘yish borasida kasaba uyushma tashkilotlarining ustuvor vazifalari haqida” mavzusida o‘quv seminari tashkil qilindi. Unda tarmoq tasarrufidagi boshlang‘ich tashkilotlar raislari ishtirok etdilar.

Seminar viloyat ixtisoslashtirilgan san'at maktab-internatida bo‘lib o‘tganligi bois tadbir maktab jamoasi tomonidan yaratilgan san'at asarlari ko‘rgazmasi bilan tanishuvdan boshlandi. Ayniqsa, o‘quvchilar tomonidan yasalgan haykaltaroshlik namunalari, Vatan, tabiat, ona mehri aks etgan rasmlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Markaziy kengashining Xorazm viloyat bo‘yicha mas'ul tashkilotchisi Muyassar Rahimova o‘quv seminarini ochib berar ekan, keyingi yillarda kasaba uyushmalari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi tomonidan quyi bo‘g‘inlar faoliyatini takomillashtirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, boshlang‘ich tashkilotlarga bo‘lgan e'tibor to‘g‘risida to‘xtaldi. Jumladan, o‘tgan 2013 yil kasaba uyushmalari tizimida “Boshlang‘ich tashkilotlar yili” deb e'lon qilindi. Boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini tubdan yaxshilash, ularning ustav talablari asosida faoliyat ko‘rsatishlarini ta'minlash choralari ko‘rildi. Shu munosabat bilan boshlang‘ich tashkilotlarga qator amaliy yordamlar ko‘rsatildi.

Olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar natijasida kasaba uyushma a'zolari o‘z huquq va manfaatlarini, burch va majburiyatlarini tobora chuqur his qilayotganligi ko‘ramiz. Bu esa boshlang‘ich tashkilotlar zimmasidagi mas'uliyatni yanada oshiradi. Fevral-mart oylarida bo‘lib o‘tgan jamoa shartnomalari ijrosining 2013 yildagi yakunlariga bag‘ishlangan konferensiyalarda kasaba a'zolari faol ishtirok etdilar. O‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan qator takliflar bildirdilar. Demak, a'zolarning kasaba uyushmalarga ishonchi ortib bormoqda. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlashda ham biz boshlang‘ich tashkilotga suyanamiz. Shu bois, tarmoqda boshlang‘ich bo‘g‘in bilan ishlash masalasiga alohida e'tibor qaratilib kelinadi. O‘tgan yili viloyatda 914ta tashkilot faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bu yil ular safiga yana 7ta tashkilot qo‘shildi.

         Ustav talablari asosida faoliyatni yo‘lga qo‘yish borasida kasaba uyushma tashkilotlarining ustuvor vazifalari haqida ma'ruza qilgan Xorazm viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi tashkiliy ishlar bo‘limi mudiri Ozod Otajonov “Insonga naf keltirish-oliy baxt!” shiorini o‘zida mujassam etgan kasaba uyushmalari ushbu ezgu maqsad ro‘yobida boshlang‘ich tashkilotlarga suyanishini ta'kidlab o‘tdi. Boshlang‘ich tashkilot raislarining chuqur bilim va salohiyatga ega bo‘lishi juda muhim. Shu bois ham O‘zbekiston kasaba uyushmalshari Federatsiyasi Kengashi tomonidan boshlang‘ich tashkilot raislari malakasini oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratilib kelinmoqda. O‘quv markazida muntazam ravishda o‘quvlar tashkil qilinmoqda. Bugungiday o‘quv seminarlari har oyda 1 marta  o‘tkazilishi belgilangan.

O‘quv seminarining boshlang‘ich kasaba tashkilotida tashkil qilinishi ishtirokchilarning o‘zaro tajriba almashishlarida muhim ahamiyat kasb etdi.

Sa'nat maktab-internati direktori Quramboy Bekchanov ushbu mo‘'tabar dargoh, bu yerda ishlovchilar va o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida gapirib berdi.

Bizning san'at maktab-internatimiz 1997 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 2012 yilda ta'lim muassasamiz rekonstruksiya qilindi. Natijada ta'lim sifati va samaradorligi oshirildi. Endilikda maktab-internatimizning reyting darajasi yuqori. O‘quvchilarimiz fan olimpiadalarida, ko‘rik-tanlovlarda, sport musobaqalarida faol ishtirok etib kelmoqda. Bu albatta, o‘qituvchi va murabbiylarimizning o‘z kasbiga sadoqati, bilim va mahorati mahsuli.

Maktab-internatida 73 nafar kasaba uyushma a'zosi faoliyat yuritadi. Jamoa shartnomasi asosida ular manfaatlari har tomonlama himoyalangan. Ishchi-xizmatchilar muntazam ravishda rag‘batlantirilib kelinadi. Kasaba uyushsi tomonidan uyushtiriladigan sayohatlar, ma'naviyat soatlari, turli spartakiadalarda a'zolar faol ishtirok etadilar.

Boshlang‘ich tashkilot faoliyati bilan tanishgan, kasaba uyushmalari tizimidagi yangiliklardan boxabar bo‘lgan o‘quv-seminar ishtirokchilari faoliyatni yanada yaxshilash yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini biz bilan o‘rtoqlashdilar.

O‘quv-seminaridan katta taassurot oldim,-deydi Qo‘shko‘pir tumanidagi 27 maktab kasaba uyushma qo‘mitasi raisi Oygul Ro‘zmetova. Bugun o‘rganganlarimni faoliyatimizga keng tadbiq qilaman. Ustav talablarini to‘la bajarishga, a'zolar manfaatlari himoyasini kuchaytirishga harakat qilamiz. Buning uchun imkoniyatlarimiz yetarli. YUqori tashkilotlar tomonidan muntazam ravishda amaliy va uslubiy yordamlar ko‘rsatilib kelinmoqda.

Urganchdagi 15-son maktabgacha ta'lim muassasasi boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti raisi Muborak Sapayeva “Sog‘lom bola yili” davlat dasturi ijrosini ta'minlashda boshlang‘ich tashkilotlar ham munosib hissa qo‘shishi, u xizmat qiladigan jamoada kelajak egalari tarbiyasi namunali yo‘lga qo‘yilganligi, faol kasaba uyushma a'zolarini rag‘batlantirish choralari ko‘rilayotganligi, kam ta'minlanganlarga ko‘rsatilayotgan ko‘mak haqida gapirar ekan, imtiyoz va imkoniyatlar uchun kasaba uyushmalaridan minnatdor ekanligini e'tirof qildi.

Hazorasp pedagogika va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji boshlang‘ich kasaba uyushma tashkiloti raisi Matniyoz Quryozov kollejda kasaba uyushma a'zolari manfaatlari har tomonlama himoyalanganligi, ijtimoiy sheriklik tamoyillari asosida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi. Bugungi seminar faoliyatlarini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidlab o‘tdi.

Seminar yakunida viloyat ixtisoslashtirilgan san'at maktab-internatida faoliyat ko‘rsatayotgan kasaba uyushma faollari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

IMG_20140329_101250 IMG_20140329_101450 IMG_20140329_105820


Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar