01/12/2014
Konstitutsiya – yoshlar nigohida

DSCF0001Chindan ham, qonun shunday kuchga egaki, uning adolati kishilar boshiga toj, qalbiga gavhardek in`om beradi. U shunday qudratliki, insonlarni hamjihatlik va birdamlik ruhida tarbiya etadi. Bizning mustaqil Vatanimizda ham qonun, uning negizida esa xalq va jamiyatning mavqeyi alohida o`ringa ega. Bu yil mamlakatimizning asosiy qonuni Konstitutsiyamizning 22 yillik shodiyonasi keng nishonlanmoqda. Mana shu 22 yil mobaynida qonun doirasida olib borgan islohotlar, tadbirlar natijasida aholining huquqiy ongi va savodxonligi oshdi. Shunday tadbirlardan biri Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universitetining Madaniyat saroyida Konstitutsiyaning ijtimoiy-ma’naviy va axloqiy-tarbiyaning asoslarini keng targ`ib qilish maqsadida bo`lib o`tgan “Konstitutsiya – yoshlar nigohida” ko`rik-tanlovidir. Universitet Talabalar kasaba uyushmasi hamda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tashabbusi bilan o`tkazilgan ushbu tanlov universitetning bakalavr yo`nalishida tahsil olayotgan yoshlarning bosh qomusimiz haqidagi bilim va malakalarini o`rganish, ularda qonun ustuvorligini ta`minlash ko`nikmalarini shakllantirish, inson va uning qadr-qimmatiga xizmat qiluvchi qonunimizning mazmun-mohiyatini ular ongida mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.

Fakultetlararo o`tkazilgan tanlovda fakultet a`zolaridan tashkil topgan har bir jamoa o`z chiqishlari bilan huquqiy bilimlari qanchalik mustahkam ekanligi, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishning huquqiy asoslariga doir taklif va mulohazalarini bildirib o`tishdi. Qolaversa, uchta shart bo`yicha o`tgan bellashuvda jamoalar har bir shartga ijodiy yondashib, tadbir mehmonlari va hay’at a’zolarida iliq taasurot qoldirishdi.

1-shart tanishtiruv sharti bo`lib, unda jamoalar guruh a’zolari, shiori, devoriy gazetalari va albatta, konstitutsiya qabul qilingan sanasi, tarkibi, maqsadi haqidagi ma`lumotlarni taqdim etishdi.

2-shart savol-javob sharti bo`lib, unda jamoalar hay’at a’zolari tomonidan taqdim etilgan qonunga doir savollarga savollarga aniq va to`liq javob berishdi. Talaba-yoshlar bu shart orqali o`z huquqiy savodxonliklarining nechog`li yuqori ekanligini namoyon etishdi.

3-shart esa shartlar ichida eng qiziqarlisi bo`ldi. Sababi, unda har bir jamoa konstitutsiyaning davlat, fuqarolar va yoshlar hayotida tutgan o`rniga bag`ishlangan sahna ko`rinishlari bilan ishtirok etishdi. Aytish joizki, jamoalar o`zlarining betakror chiqishlari bilan tomoshabinlar olqishiga sazovor bo`lishdi. Ayniqsa, filologiya va jurnalistika fakulteti talabalari ushbu shartni qoyilmaqom tarzda bajardilar. Jurnalistika fakultetining jamoa a`zosi tomonidan ijro etilgan jonli qo`shiq esa hammada yorqin taassurot uyg`otdi.

Uchta shart bo`yicha bellashuvdan so`ng hay’at a’zolari jamoalarni munosib baholashdi. Unga ko`ra, o`n ikki fakultet ichida 1-o`rin o`zbek filologiyasi fakultetiga, 2-o`rin jurnalistika fakultetiga va 3-o`rin esa iqtisodiyot fakultetiga nasib etdi.

G`oliblarni taqdirlash marosimi 4-dekabr kuni Madaniyat saroyida bo`lishi kutilmoqda.  

Universitet kasaba uyushmasi va “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan o`tkazilgan mazkur ko`rik-tanlov yoshlar o`rtasida sog`lom raqobat muhitini yuzaga keltirish va o`zaro do`stlik hamda hamkorlikka asoslangan jamoaviylikka erishish, ularning huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

DSCF0003 DSCF0049 DSCF0009 DSCF0050 DSCF0072 DSCF0074

 

 


Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar