09/07/2014
“Yilning eng faol yosh o‘qituvchisi” tanlovi yakunlari

DSC_8579Joriy yilning 8 iyul kuni mazkur tanlovning navbatdagi nominatsiyasi – “Yilning eng faol o‘qituvchisi” yo‘nalishi bo‘yicha Respublika bosqichi o‘tkazildi. Unda pedagogika sohasida faoliyat yuritib, ilg‘or g‘oyalarni ilgari surib kelayotgan, 14 nafar yosh mutaxassislar bellashdilar. Mazkur tanlov shunisi bilan ahamiyatliki, eng quyi bo‘g‘inlarda tashkil etilgan 3ta bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tib, chekka qishloq va tumanlarda ta'lim sifatini oshirish yo‘nalishlarida izlanishlar olib borayotgan yoshlar aniqlanib, Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.

Tanlov shartlari ham yoshlarning bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda yosh avlod kamoloti, ularning samarali bilim olishlari sifatini oshirishga qaratilgan uslub va tajribalarini sinovdan o‘tkazdi. Xususan, “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi sifatini oshirishda strategik rejalarim” mavzuiga oid taqdimotda yosh o‘qituvchilar dars mavzusi asosida maqsadning to‘g‘ri qo‘yilishi va o‘quvchilarning bir akademik soat davomida egallashi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma, malakalarining belgilanilishi, ta'lim-tarbiya jarayonida ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalana olish, mashg‘ulotning metodik qimmati yo‘nalishlarida faoliyatlarida qo‘llayotgan ilg‘or uslub va yangiliklarni namoyish etdilar. Shuningdek, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi bosqichi sifatini takomillashtirish samaradorligi omillari, barkamol avlodning intellektual, ma'naviy va jismoniy kamol topishi, bilim olishiga qaratilgan mashg‘ulotlar hamda kelgusidagi strategik rejalari, taklif-tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdilar.

“O‘z huquqingizni bilasizmi?” mavzusida savol-javoblarga tayyorgarlik jarayonida ishtirokchilar mehnat munosabatlarini tartibga solish, mehnat qonunchiligi buzilishining oldini olish hamda yosh pedagoglarga berilayotgan imtiyoz va huquqlarni to‘liq o‘zlashtirganliklarini ko‘rsatdilar.

Yakuniy natijalarga ko‘ra ishtirokchilarga quyidagicha o‘rin berildi:

 

“Eng faol yosh o‘qituvchi” tanlovining 1-o‘rin g‘olibi Umirova Nodira Ravilyevna- Qashqadaryo viloyati, Muborak ijtimoiy-iqtisodiyot kolleji o‘qituvchisi

“Eng faol yosh o‘qituvchi” tanlovining 2-o‘rin g‘olibi Jumayeva Feruza Faxritdinovna-  Buxoro muxandislik texnologiyalari instituti qoshidagi 1-son akademik litsey o‘qituvchisi

“Eng faol yosh o‘qituvchi” tanlovining 3-o‘rin g‘olibi Mardonov O‘ktamjon Rustamovich- Navoiy davlat konchilik instituti qoshidagi 2-akademik litsey o‘qituvchisi

 
Shuningdek, “Eng zukko o‘qituvchi”, “Eng ma'naviy barkamol o‘qituvchi”, “Eng zakovatli  o‘qituvchi”, “Eng pedagogik mahoratli o‘qituvchi”, “Eng mohir o‘qituvchi”, “Eng ijtimoiy faol o‘qituvchi” kabi 11ta nominatsiya bo‘yicha eng faol yosh mutaxassislar aniqlandi.

G‘oliblar O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining esdalik sovg‘alari va diplomlari bilan taqdirlandilar. Tanlov doirasida aniqlangan eng faol yosh mutaxassislar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan Vatanimiz Mustaqilligining 23 yilligi arafasida tashkil etiladigan “Yosh mutaxassislar” respublika forumida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar. Shuningdek, ular o‘z iqtidorlari va tajribalariga ko‘ra Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan yosh mutaxassislarning o‘z innovatsion g‘oyalarini yanada rivojlantirish va hayotga tatbiq etishlari maqsadida ajratilayotgan maxsus grantlarni qo‘lga kiritish imkoniga ham ega bo‘ldilar.

Chunki, “Yosh mutaxassislar” Respublika forumi doirasida eng yaxshi g‘oya egasi bo‘lgan 3 nafar yosh mutaxassisga o‘z innovatsion g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishlari uchun Kasaba uyushmalari Federatsiyasining maxsus grantlari topshirilishi belgilangan.

Tanlov eng faol yosh mutaxassislar yaratayotgan yangiliklarni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash orqali ular g‘oya va ishlanmalarini hayotga tatbiq etish, buning natijasida Respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

DSC_8529 DSC_8531 DSC_8565 DSC_8566 DSC_8568 DSC_8570  DSC_8573 DSC_8576 DSC_8596 DSC_8579

 

 


Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar