12/03/2015
“Istiqlol g’uncнalari” ko’rik-tanlovi o’tkazildi

 

5Respublikamizning barcha hududlarida bo’lgani kabi Sirdaryo viloyatida ham O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O’zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari va Xalq ta’limi vazirliklari, O’zbekiston Yozuvchilar, Bastakorlar uyushmalari, O’zbekiston milliy teleradiokompaniyasi hamda O’zbekiston Milliy axborot agentligining qo’shma qarorlari bilan tasdiqlangan “Bolalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ularning ma’naviy barkamol insonlar bo’lib voyaga etishiga xizmat qiladigan bolalar qo’shiqlari, she’rlari va kuylarini yaratish bo’yicha respublika ijodiy tanlovi” Nizomiga asosan Respublika ijodiy ko’rik-tanlovining shahar-tuman bosqichlari o’tkazilmoqda.

Yaqinda Guliston shahridagi 1-son bolalar musiqa va san’at maktabida tashkil etilgan tanlovda shahardagi 16 ta umumta’lim maktablarining 5-7 sinf o’quvchilaridan 30 nafari ishtirok etdi.

Tanlov hakamlari – Guliston shahridagi Bolalar musiqa va san’at maktablarining mutaxassislari A.Sultonov, J.Alimov, Sh.Rabbimqulovlar ushbu tanlov ishtirokchilaridan eng iste’dodlilarini tanlab olishga e’tibor qaratdilar.

Ko’rik-tanlov natijalariga ko’ra “Qo’shiq uchun eng yaxshi yaratilgan she’r” yo’nalishi bo’yicha 6-umumta’lim maktabi o’quvchisi Navro’za Tursunova “Ustozim” nomli she’ri bilan 1-o’ringa, 10-umumta’lim maktabi o’quvchisi Jasur O’rinov “Mustaqillik” nomli she’ri bilan 2-o’ringa munosib deb topildilar, tanlovning “She’r o’qish” yo’nalishi bo’yicha 13-umumta’lim maktabi o’quvchisi Muhayyo Abdurazzoqova shoir Axad Qayum qalamiga mansub “Kapalak” she’rini ifodali o’qib, tanlov g’olibi bo’ldi.

Tanlov hakamlari tomonidan “Qo’shiq uchun yaratilgan eng yaxshi musiqa” yo’nalishida  3-umumta’lim maktabi o’quvchisi Jamshid Akbaralievning o’z so’zi, o’zi bastalagan musiqasi bilan ijro etgan “Vatan” nomli qo’shig’i, “Eng yaxshi bolalar oromgohi madhiyasi” yo’nalishi bo’yicha 1-Bolalar musiqa va san’at maktabi o’quvchilari jamoasi D.Nabijonov she’riga G’.A’zamqulov tomonidan bastalangan musiqa bilan ijro etgan “Oromgoh madhiyasi” qo’shig’i, “Guruh bo’lib qo’shiq aytish” yo’nalishi bo’yicha 2-son Bolalar musiqa va san’at maktabi o’quvchilari jamoasi tomonidan ijro etilgan Farrux Zokirov kompozitsiyasi asosidagi “Majnuntol” qo’shig’i – eng yaxshi qo’shiqlar, deb e’tirof etildi.

Albatta, bu kabi tadbirlar haqiqiy iste’dod egalarining nomlarini aniqlashga, ularni har tomonlama qo’llab-quvvatlashga imkon beradi. G’oliblar Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Guliston shahar Kengashining esdalik sovg’alari va diplomlari bilan taqdirlandilar. Ko’rik-tanlov o’quvchilarning she’r yozish, musiqa yaratish, qo’shiq kuylash bo’yicha ijodlarining ochilmagan qirralarini yanada rivojlantirishga muhim qadam bo’ldi. 

Веб сайт 2 3 4

 


Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar