28/07/2016
“Eng faol yosh olim” tanlovining Respublika bosqichi

 

IMG_5388Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar” to‘g‘risidagi Qaroriga asosan kasaba uyushmalari tomonidan katta ko‘lamdagi ishlar olib borilmoqda. Xususan, mazkur Qaror asosida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan «Yilning eng faol yosh mutaxassisi» tanlovi uchinchi marotaba tashkil etildi.

Mazkur tanlovdan ko‘zlangan maqsad yoshlarning har tomonlama yetuk mutaxassis bo‘lib kamol topishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish, yigit-qizlarda Vatanga muhabbat va mamlakatda ro‘y berayotgan voqyealarga dahldorlik hissini oshirishdir. Mazkur tanlov natijasida yoshlarning noyob kashfiyotlari yuzaga chiqarilmoqda.

Joriy yilning 28 iyul kuni mazkur tanlov doirasida o‘tkazilayotgan “Eng faol yosh olim” nominatsiyasining Respublika bosqichi o‘tkazildi. Unda turli yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan, innovatsion-texnik g‘oyalarni ilgari surib kelayotgan, 15 nafar yosh mutaxassislar bellashdilar. Mazkur tanlov shunisi bilan ahamiyatliki, xududiy bosqichlarda ilmiy salohiyatli yoshlar aniqlanib, Respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdilar.

Tanlov shartlari ham yoshlarning bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda yosh ilm-fan tadqiqotchilari faoliyatlarini yanada samaradorligini oshirishga qaratilgan uslub va tajribalarini sinovdan o‘tkazdi. Xususan, yosh tadqiqotchilar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda xorijiy davlatlarning nufuzli ilmiy muassasalaridan malaka oshirganligi, yangi ixtirolar, nou-xau, ilmiy-texnik ishlanmalari, ilmiy natijalar va fanga doir natijalarini yorituvchi original monografiyalar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari va chet elda va respublikamizda nashr qilingan ilmiy-ommabop maqolalar, xalqaro va maxalliy konferensiyalardagi ishtiroki, xalqaro va maxalliy davlat ilmiy-texnik dasturlar va grantlardagi ishtiroki o‘z aksini topdi.

“O‘z huquqingizni bilasizmi?” mavzusida savol-javoblarga tayyorgarlik jarayonida ishtirokchilar mehnat munosabatlarini tartibga solish, mehnat qonunchiligi buzilishining oldini olish hamda yosh pedagoglarga berilayotgan imtiyoz va huquqlarni to‘liq o‘zlashtirganliklarini ko‘rsatdilar. Shuningdek, yosh tadqiqotchilar ilmiy faoliyatlarini ingliz tilida ham bayon qilish imkoniyatidan foydalandilar.

Hakamlar xay'ati tomonidan – “Eng faol yosh olim” tanlovining 1-, 2-, 3-o‘rin g‘oliblari aniqlandi. Shuningdek, “Eng ilmiy salohiyatli olim”, “Eng iqtidorli olim”, “Eng zakovatli  olim” kabi 12 ta nominatsiyalar bo‘yicha eng faol yosh mutaxassislar aniqlandi.

1-o‘rin     Abdunazarov Jamshid Nurmuxamatovich, Politexnika instituti, “Yer usti transport tizimlari” kafedrasi katta o‘qituvchisi 
2-o‘rin     Tajibayev Soyib Samijonovich, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti, Boks, qilichbozlik va taekvondo nazariyasi va uslubiyati kafedrasida katta o‘qituvchi   
3-o‘rin     To‘rayev Akmal Atoyevich, Buxoro davlati universiteti, Mehnat ta'limi kafedrasi o‘qituvchisi   

G‘oliblar ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining esdalik sovg‘alari va diplomlari bilan taqdirlandilar. Tanlov doirasida aniqlangan eng faol yosh mutaxassislar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan Vatanimiz Mustaqilligining 25 yilligi oldidan tashkil etiladigan “Yosh mutaxassislar” respublika forumida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdilar. Shuningdek, ular o‘z iqtidorlari va tajribalariga ko‘ra kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan yosh mutaxassislarning o‘z innovatsion g‘oyalarini yanada rivojlantirish va hayotga tatbiq etishlari maqsadida ajratilayotgan maxsus grantlarni qo‘lga kiritish imkoniga ham ega bo‘ldilar.

Tanlov eng faol yosh mutaxassislar yaratayotgan yangiliklarni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash orqali ular g‘oya va ishlanmalarini hayotga tatbiq etish, buning natijasida Respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

IMG_5319 IMG_5336 IMG_5348 IMG_5350 IMG_5357 IMG_5368

IMG_5325

IMG_5392

 


Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar