30/01/2017
MA’NAVIYATLI MILLAT ULUG‘LARINI UNUTMAYDI

20170128_110456

Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Xorazm viloyat tashkilotlari tomonidan joylarda “Islom Karimov nomi  qalblarda abadiy yashaydi” mavzusida ma’naviyat soatlari tashkil qilindi.
Xiva pedegogika kolleji zalida o‘tkazilgan ana shunday tadbirda tumandagi kasb-hunar kollejlari va akademik litsey o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdilar.
Tadbir ishtirokchilari Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasi uchun  sukut saqladilar. Shundan so‘ng ulug‘ Yurtboshi tomonidan yoshlarga qarata aytilgan da’vatlarni o‘zida mujassam qilgan videorolik namoyish qilindi. O‘quvchi yoshlar mustaqilligimiz asoschisiga bag‘ishlangan she’rlardan namunalar o‘qidilar.
Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining Xorazm viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Muyassar Rahimova O‘zbekiston Respublikasi nomli davlatning dunyo xaritasida paydo bo‘lishida va chorak asrda taraqqiy etib, jahon hamjamiyatida o‘z o‘rnini topishida Islom Karimovning xizmatlari beqiyos ekanligini hurmat va ehtirom bilan e’tirof qildi. 
-Ushbu nom tilga olinganda har birimizning qalbimizda Vatanga bo‘lgan mehr yanada ulg‘ayganligini his qilamiz. Bu buyuk inson bizga ona yurtimizni sevishni, fidoyilikni o‘rgatdi. Biz  dunyoga ming yilda bir keladigan bunday zot bilan zamondosh ekanligimiz bilan faxrlanamiz. Oradan yillar o‘tib, ellik-oltmish yillardan so‘ng jajjigina nabira yo chevaramiz tizzamizga o‘tirib, “Momo, yo bobo, Islom Karimov kim?” deb savol bersa, men bu inson bilan bir davrda yashaganman, u tinchligimizning, obodligimizning asoschisi deya g‘urur bilan javob qaytarishimiz mumkin,-dedi  mas’ul tashkilotchi va mustaqilligimiz me’mori boshchiligida amalga oshirilgan islohotlar va ularning mazmun-mohiyati, samaralari haqida to‘xtalib o‘tdi.
-Muhtaram Birinchi Prezidentimizning Xorazmga va xorazmliklarga mehri bo‘lakcha edi,-deya qayd qildi shoir va jurnalist Otabek Ismoilov.- Buni u kishining rahnamoligida Xivaning 2500 yiligi, “Avesto”ning 2700 yilligi keng tantana qilingani, Xorazm Ma’mun akademiyasi qayta tiklangani, Jaloliddin Manguberdi ordeni ta’sis qilingani kabi qator misollarda ko‘rishimiz mumkin. Eng muhimi, yurtimiz obodligi, gullab-yashnayotganida u kishining buyuk xizmatlari mujassam.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan Islom  Karimov an’analari davom qildirilayotganligini, mamlakatimizda islohotlar yangi bosqichga  ko‘ratilganligini qayd qildilar. Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari ilm ahliga alohida hurmat va ehtirom ko‘rsatayotganligi, kitob va kitobxonlik masalalariga qaratayotgan e’tibori xalqimizni to‘lqinlantiribgina qolmasdan, ma’naviyatga, ma’rifatga yanada oshno qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishidan ruhlangan ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi  Xorazm viloyat tashkilotlari tomonidan tasarrufdagi 42 ta kasb-hunar kollejlariga  o‘zbek va jahon adabiyotining eng nodir namunalarini, tarix  va boshqa fanlarni o‘rganishga xizmat qiluvchi kitoblarni tuhfa qildilar.
-Aynan kasb-hunar kollejlariga kitob sovg‘a qilayotganimiz bejiz emas,-deydi mas’ul tashkilotchi.- Kollej o‘z hududida ma’naviyat, ma’rifat tarqatuvchi eng katta o‘quv dargohi sanaladi. Kollejlar qoshidagi axborot resurs markazlari nafaqat kollejga, balki butun aholiga xizmat ko‘rsatishi, ziyo ulashishi lozim. Kitobga oshno o‘qituvchigina yoshlarga kasb-hunar sirlarini puxta o‘rgata oladi. O‘quvchi ham shunday-kitobdan hayotni o‘rganadi va kelajakda jamiyatda o‘z o‘rniga ega inson bo‘lib shakllanadi.

20170128_105728

 


Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar