04/10/2017
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining barcha kasaba uyushmalari a’zolariga MUROJAATI

logo

Aziz do‘stlar, hamkasblar!

Paxta bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodida ulkan ahamiyat kasb etuvchi strategik mahsulot hisoblanadi. Istiqlol yillarida, ayniqsa so‘nggi yillarda paxtani xom ashyo shaklida emas, balki undan tayyor, pishiq hamda sifatli, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqdaki, bu mazkur xom ashyoning yurtimiz iqtisodiyoti va taraqqiyotidagi o‘rni tobora oshib borayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekiston dunyoda paxta yetishtirish bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda borar ekan, biz ushbu mahsulot yetishtirish, ayniqsa uni yig‘ib-terib olishdek mas’uliyatli ishda chetdan qarab tura olmaymiz. Mamlakatimizning qishloq tumanlarida minglab dehqon va fermerlarimizning katta mehnati evaziga bu yil har yilgidanda mo‘l hosil yetishtirildi.

Muhtaram Prezidentimiz joriy yil hosili terimi uchun to‘lov pullari miqdorini o‘tgan yillarga nisbatan qariyb ikki barobarga oshirdi. Bu esa o‘z- o‘zidan har bir oila uchun yaxshigina daromad topish imkoniyatidir. O‘zbekiston kasaba uyushmalari hamkor tashkilotlar vakillari bilan joylarda xonadonma-xonadon yurib aholining kam daromad vakillari bilan yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazib, ularning kam ta’minlanganligi sabablarini ham o‘rganmoqda, tahlil qilmoqda. Tahlillar esa ko‘p hollarda yurtdoshlarimizda eskicha fikrlash, ayniqsa boqimandalik, boqibeg‘amlik mavjud ekanini ko‘rsatmoqda. Vaholanki, bir kilogramm paxta terimi uchun to‘lov miqdori 1-oktabrdan 500 so‘m qilib belgilandi, bu esa paxta terimida qilingan samarali mehnat oilaning daromadiga barakali hissa bo‘lib qo‘shilishi mumkin, deganidir.

Paxta yetishtirish mashaqqatli ish. Buni dehqon hayoti, yerga chigit qadashdan tortib, uni parvarishlash va to‘liq ko‘sak bo‘lib yetilgunga qadarlik jarayonlardan jilla qursa nazariy jihatdan xabardor bo‘lgan kishilar yaxshi tushunadilar. Mo‘l hosil mehnat bilan birga, katta xarajatlarni ham talab etadi. Bu yil kuzning salqin kelishi, haroratning keskin pasayib, yog‘ingarchiliklar boshlangani barchamizni xavotirga solishi tabiiy.

Shu bois ham Siz azizlarni bu o‘ta jiddiy, yurtimiz farovonligida strategik ahamiyat kasb etuvchi ishda befarq bo‘lmaslikka chaqiramiz, oilamiz, yon- atrofimiz, qishloq-ovul, mahallamizda vaqtincha muqim ish bilan band bo‘lmagan, ayniqsa kam daromadli oilalar, uyushmagan aholi, yoshlar o‘rtasida keng tushuntirish ishlari olib borishga da’vat etamiz!

Toki, minglab dehqonlarimizning zahmatli mehnatlari zoye ketishiga yo‘l qo‘ymaylik!

Yurtimizning muhim boyligi bo‘lmish paxtani nes-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olishda kamarbasta bo‘laylik!

Shu aziz Vatan – barchamizniki! Uning har bir qarich yerida yetishtirilgan hosil ham xalqimizning boyligidir. Bu ishda barchamiz yelkadosh bo‘laylik!

 

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi

 

Toshkent – 2017 yil

 


Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar