18/10/2013
Ijtimoiy sherikchilik-mehnatkashlarning ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini himoya qilish omili

Ижтимоий шерикчилик-меҳнаткашларнинг ижтимоий, иқтисодий  ва ҳуқуқий манфаатларини ҳимоя қилиш омили

O‘zbekiston ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi ijtimoiy sherikchilik tamoyillari asosida tarmoq xodimlarini ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoyalash borasida qator ishlarni amalga oshirmoqda.

Ijtimoiy sheriklik tizimi ish beruvchi va xodimlar manfaatlari muvozanatini ta'minlashga hamda iqtisodiy samaradorlik va ijtimoiy adolatni birgalikda amalga oshirishga xizmat qiladi. 

Tarmoqda 195 ta tuman, shahar kengashlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi hamda Toshkent shahar madaniyat muassasalari xodimlari birlashgan kasaba uyushma qo‘mitalari, 17718 ta boshlang‘ich tashkilotlar mavjud bo‘lib, ular 1976669 nafar kasaba uyushma a'zolarini birlashtirgan.

Ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish maqsadida tizimda 6 ta tarmoq kelishuvi, hududiy miqyosida 197 ta kelishuv hamda 17709 ta jamoa shartnomalari tuzilgan.

Tarmoq kelishuvlarida ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy himoya, bandlik, mehnatga haq to‘lash, mehnat muhofazasi, xodimlar, ularning oila-a'zolarini sog‘lomlashtirish, munosib va havfsiz mehnat sharoitini yaratish, ayollar hamda yoshlarning manfaatlarini muhofazasi va tarmoq hususiyatlaridan kelib chiqadigan boshqa me'yorlar o‘z aksini topgan.

Ijtimoiy sherikchilik asosida boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti raislaridan 730 nafari tashkilot va muassasalar boshqaruv organlari (ilmiy kengash, kuzatuv kengashlari, hay'at a'zolari, komissiyalar) tarkibiga kiritilgan.

BMT tasarrufidagi YUNISEF tashkilotining “Maktabgacha hamda umumiy o‘rta ta'limni rivojlantirish” loyihasini ishlab chiqish va hujjatlarni tayyorlashda ishchi guruh tarkibida Markaziy kengash xodimlari ishtirok etmoqdalar.

Ijtimoiy sheriklik jarayonini kuchaytirishning zaruriy tarkibiy qismi jamoa shartnomasi hisoblanib, u manfaatdor taraflar o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi asosiy huquqiy manbaa hisoblanadi.

Hammamizga ma'lumki, kasaba uyushmasi tashkiloti faoliyatini baholashda har bir xodimga jamoa shartnomasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish uchun sarflangan mablag‘ miqdori muhim omil hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan tahlil qiladigan bo‘lsak, jamoa shartnomasida belgilangan tadbirlarning bajarilishi uchun har bir xodimga sarflanayotgan o‘rtacha mablag‘ miqdori yil sayin oshib borayotganiga amin bo‘lamiz. Jumladan, 2011 yilda har bir xodimga sarflangan mablag‘ 368 ming, 2012 yilda esa 463 ming so‘mni tashkil etdi.

Davlat dasturlariga asosan jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan xodimlarga berilgan moddiy yordam 2011 yilda 1281,4 mln.so‘mni, 2012 yilda esa 1661,9 mln.so‘mni tashkil qildi.

Oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan 218 nafar kam ta'minlangan, chin yetim, iqtidorli talabalarga 2011 yilda 100,7 mln.so‘m miqdorida kontrakt to‘lovlari amalga oshirildi.

Oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan kam ta'minlangan, iqtidorli, jamoatchi talabalarning ijtimoiy-iqtisodiy himoyasini kuchaytirish, ularning jamoat ishlaridagi ishtirokini faollashtirish maqsadida Markaziy kengash tomonidan jami 117 nafar kam ta'minlangan, iqtidorli talabalarga 50 mln. so‘m atrofida ustama stipendiya berildi.

Kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan 10 ming 842 nafar oilalarning farzandlariga o‘quv qurollari, darsliklar xarid qilish harajatlarini qoplash uchun 2011 yilda 302 mln.so‘m miqdorida, 2012 yilda esa 12 ming 902 nafar oilalar farzandlariga 181 mln.so‘m mablag‘ sarflandi.

Farzandlari 2 yoshdan 3 yoshgacha to‘lgunga qadar bo‘lgan 2011 yilda        1024 nafar yosh onalarga 48,2 mln.so‘m miqdorida, 2012 yilda 1834 nafar yosh onalarga 143,8 mln.so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatildi. 2013 yilning  6 oyi mobaynida esa 1105 nafar yosh onalarga 121,4 mln.so‘mlik moddiy yordamlar berildi.

2011 yilda tarmoq tashkilot va muassasalarida ishlab nafaqaga chiqqan 488 nafar yolg‘iz-keksalarga 23,5 mln.so‘m, 2012 yilda 571 nafar yolg‘iz-keksa kishilarga 16,7 mln.so‘m miqdorida moddiy yordamlar berildi, kasallar holidan xabar olindi. YUqorida keltirilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda ayrim kamchiliklar ham mavjud.  

Jumladan, ayrim hududiy kasaba uyushma tashkilotlarida jamoa shartnomasi va kelishuvlarni loyihalarini tayyorlashda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi va yuqori tashkilotlar ko‘rsatmalariga, Bosh kelishuvning 7.2-bandi hamda Yagona muzokaralar jarayoniga amal qilinmaslik holatlari uchrab turibdi.

Hududiy kelishuvlar va jamoa shartnomalari bandlarini bajarilishi bir yilda ikki marotaba muhokama qilish, ikki tomonlama hisobotni ta'minlash va qo‘shimcha, o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ishlar yetarli darajada emasligi, xodimlarning ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va mehnat muhofazasi kasaba uyushmasi va ish beruvchi e'tiboridan chetda qolishiga olib kelishi mumkin.

Tahlillarga tanqidiy yondoshgan holda, Markaziy kengash tomonidan boshlang‘ich tashkilotlar va hududiy tashkilotlarga atroflicha amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.

Kasaba uyushmasi tizimiga axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etilishi natijasida kasaba uyushmasi organlari o‘rtasida elektron hujjat ayirboshlash ko‘lamini kengaytirildi, hujjatlarni joylarga tezkor yetkazish tizimi joriy etilib, Markaziy kengashning Veb-sayti yaratildi. Bu esa elektron axborot almashinuvini yanada rivojlantirish, ma'lumotlar bazasini yaratilishiga, xodimlarni ijtimoiy himoya masalalariga oid kasaba uyushma faoliyati bilan yaqinroq tanishishlarga imkon bermoqda. Tarmoqda yil davomida o‘quv seminarlari o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, jamoa shartnomalari ekspertizasi sifatini oshirish maqsadida vazirliklar, idoralar, oliy ta'lim muassasalari hamda 1000 dan ortiq xodimlar soniga ega bo‘lgan tashkilotlarning jamoa shartnomalari tahlil qilinib, ekspertizadan o‘tkazilmoqda.

Tarmoq kasaba uyushma tashkilotlarida mavjud jamoa shartnomalarida mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinishi faqatgina kasaba uyushma qo‘mitasining oldindan roziligini olib amalga oshirilishi, xodimlar soni qisqartirilayotganda qisqartirish oqibatlarini yumshatishga qaratilgan choralar qo‘llanilishi kabi bir necha kafolatlar kiritilgan.

Shuningdek, ayollar mehnatini tartibga solishga doir qo‘shimcha imtiyozlar va kafolatlar ham belgilangan. Jumladan, tibbiy xulosaga muvofiq homilador ayollarga yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillari ta'siridan holi bo‘lgan ish o‘rinlari ajratish, uch yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollarga 1 soatga qistqartirilgan ish kuni belgilash, ikki yoshgacha farzandi bo‘lgan ayollarga, bolani ovqatlantirish uchun har uch soatda 30 daqiqadan tanaffus berish, ayollarga malaka oshirish va qo‘shimcha ma'lumot olish huquqidan foydalanish uchun imkoniyatlar yaratib berish va hokazo.

“Ustoz-shogird” tizimi doirasida o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish va bitiruvchilarni ishga joylashtirish, hususiy tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida Markaziy kengash “O‘zbekiston madaniyati va san'ati forumi” jamg‘armasining Yoshlarni ish bilan ta'minlashga ko‘maklashuvchi Markazi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan keng hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Yangi ish o‘rinlari yaratilishi va bandlikka ko‘maklashishga qaratilgan bu kabi tadbirlarda kasaba uyushma tashkilotlari faol ishtirok etmoqdalar.

Ijtimoiy sheriklik borasida tarmoq kasaba uyushma tashkilotlarining asosiy vazifalari xodimlarning ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini ifodalash va himoyalashda ijtimoiy kafolatlar ko‘lamini kengaytirish, ularni tarmoq faoliyatiga tatbiq etish mexanizmini takomillashtirishdir.


Ijtimoiy himoya, Yangiliklar

Izlash

 

So`ngi e`lonlar