19/09/2018
O‘zbekiston ahliga, barcha xodimlarga MUROJAATNOMA

Рисунок1

Aziz vatandoshlar!

Mamlakatimizda ijtimoiy adolatni ta’minlash, majburiy mehnatni bartaraf etish real hayotiy haqiqatga aylanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlarida fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlangan, har qanday shakldagi majburiy mehnatdan foydalanish, biron-bir jazo qo‘llash bilan qo‘rqitgan holda turli ishlarni bajarishga majburlashni taqiqlovchi normalar mustahkamlab qo‘yilgan. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan inson hayoti va faoliyatining barcha sohalarida majburiy mehnatning oldini olish va unga to‘liq barham berishga doir aniq hamda amaliy chora-tadbirlar ham belgilab berildi. Shunday ekan, bu jarayonda faol ishtirok etish har birimizning fuqarolik burchimizdir.

Muhtaram hamkasblar!
Ammo uzoq yillar davomida shakllanib qolgan, paxta yig‘im-terim mavsumida   yanada yaqqol ko‘zga tashlanib qolayotgan, bu bilan xalqimizning sha’ni va davlatimizning nufuziga salbiy ta’sir qilib kelgan majburiy mehnat amaliyotidan butunlay voz kechish fursati keldi.
Har kim o‘zining ish va o‘qish joyida o‘ziga yuklatilgan vazifalarni halol va sidqidildan bajarmog‘i lozim: o‘qituvchi ta’lim beradi, shifokor davolaydi, ishchi mahsulot yaratadi, quruvchi quradi, talaba bilim oladi.
O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi paxta yig‘im-terim mavsumida mehnatkashlarning haq-huquqlarini himoya qilish, majburiy mehnatni oldini olish maqsadida:
birinchidan, terimchilar uchun qulay mehnat sharoitlari yaratilishi, mehnat muhofazasi va gigiena qoidalariga rioya etilishi, ularga sifatli issiq ovqat berilishi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatishni;
ikkinchidan, xodimlarning mehnat huquqlari buzilishini oldini olishga qaratilgan qayta aloqa mexanizmi mavsum davomida uzluksiz kechayu kunduz ishlab turishini ta’minlash, bunda 1092, 71-256-70-32 raqamli “Ishonch telefonlari”, internet saytlar, telegramm ijtimoiy tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalanishni;
uchinchidan, mavsum davomida nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda paxtachilikda bolalar mehnati va majburiy mehnat bo‘lmasligi borasida respublikaning barcha hududlarida o‘tkaziladigan milliy monitoringda ishtirok etmoqda.
Kasaba uyushmalari a’zolariga yana bir bor eslatib qo‘ymoqchimiz:
– tashkilot va muassasalar xodimlaridan hech kimni mehnat shartnomasini bekor qilish yoki intizomiy jazo berish tahdidi ostida paxta yig‘im-terimiga jalb etish mumkin emas;
– mehnatkashlardan paxta yig‘im-terimi uchun pul mablag‘lari yig‘ish qat’iyan taqiqlanadi;
– terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun to‘lanadigan terim pullari hech qanday ushlab qolishlarsiz to‘liq to‘lanishi lozim.
Aziz yurtdoshlar!
O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi Sizlardan byudjet tashkilotlari xodimlarini, xususan, ta’lim, fan, madaniyat va sport sohasi vakillari, o‘quvchi va talabalarni majburiy mehnatning turli ko‘rinishlari – obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, paxta yig‘im-terimi, metallom va makulatura yig‘ish, shuningdek, turli mavsumiy ishlarga jalb qilish yoki bunday ishlarni boshqalar bajargani uchun pul yig‘ish holatlariga chek qo‘yishga ko‘maklashishni, bunday hodisa ro‘y berganda esa huquqni muhofaza qilish organlariga yoki kasaba uyushmalarining tun-u kun ishlaydigan 1092,  71-256-70-32 raqamli “Ishonch telefonlari”ga zudlik bilan xabar berishingizni so‘raydi.
Shuningdek, majburiy mehnat qaltisliklarini keltirib chiqaruvchi boshqa alomatlar, ya’ni fuqaroning zaifligi va qaramligini suiste’mol qilish, aldov, hujjatlarni olib qo‘yish, ish haqini to‘lamaslik, xavfli mehnat sharoitlarida ishlatish, ish vaqti me’yorlariga rioya qilmaslik kabi holatlarda ham bizga murojaat qilishingizni so‘raymiz.
Bu yurt sha’ni, O‘zbekiston obro‘siga daxldor masala ekanini unutishga hech kimning haqqi yo‘q. 
Shunday ekan, Yurt taraqqiyoti yo‘lida birlashaylik!

 

O‘zbekiston ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi

 


Ijtimoiy himoya, Mehnat-muhofazasi, Yangiliklar, Yurist darchasi

Izlash

 

So`ngi e`lonlar