Bog’ot tumanida kasaba uyushmasining hisobot-saylov yig’ilishi va Jamoa shartnomasi imzolandi

2025-yil 3-fevral kuni Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Bog’ot tuman bo‘linmasi kengashi tizimidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari kasaba uyushmasi tashkilotining hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yig‘ilishda soha vakillari, kasaba uyushmasi a’zolari hamda ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdilar.

Yig‘ilish davomida 2025-2027 yillar uchun ma’muriyat va kasaba uyushma qo‘mitasi o‘rtasida tuzilgan jamoa shartnomasi ko‘rib chiqildi. Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi K. Tojieva tomonidan jamoa shartnomasi o‘qib eshittirildi va yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi. Ushbu hujjat ishchilar huquqlarini himoya qilish, mehnat sharoitlarini yaxshilash va ijtimoiy imtiyozlarni ta’minlashga qaratilgan.

Shuningdek, jamoa shartnomasi bajarilishini nazorat qilish komissiyasi ham tuzilib, ushbu komissiya tarkibiga tajribali mutaxassislar va kasaba uyushma a’zolari kiritildi. Komissiya jamoa shartnomasi ijrosini nazorat qilish, uni amalga oshirish jarayonlarini kuzatib borish hamda yuzaga keladigan muammolarni o‘z vaqtida hal qilish vazifasini bajarmoqda.

Shu bilan birga, kasaba uyushma tashkilotining 2024-yil noyabr oyidan 2025-yil fevral oyigacha bo‘lgan faoliyati yuzasidan hisobot tinglandi. Mazkur hisobot kasaba uyushma qo‘mitasi raisi K. Tojieva tomonidan o‘qib eshittirildi. Hisobotda amalga oshirilgan ishlar, kasaba uyushmasi a’zolarining manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar hamda kelgusidagi rejalar bayon etildi. Hisobot taqdimotidan so‘ng ishtirokchilar tomonidan muhokama qilinib, bildirilgan fikr-mulohazalar inobatga olindi.

Yig‘ilish davomida kasaba uyushma qo‘mitasi raisi va qo‘mita a’zolari tarkibiga nomzodlar ko‘rsatilib, ochiq ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlandi. Nomzodlarning kasaba uyushmasidagi tajribasi, mehnatga fidoyiligi va tashkilot oldidagi mas’uliyati hisobga olinib, ular ishtirokchilar tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi.

Shuningdek, tuman tashkilotining konferensiyasiga 2 nafar delegat saylandi. Delegatlar tuman miqyosida kasaba uyushmasi manfaatlarini himoya qilish, dolzarb masalalarni muhokama qilish va yangi tashabbuslarni ilgari surish vazifalarini bajaradilar.

Hisobot-saylov yig‘ilishiga kiritilgan barcha masalalar ochiq ovoz berish yo‘li bilan ko‘rib chiqilib, ma’qullandi. Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar jamoa birdamligini mustahkamlash, kasaba uyushmasining nufuzini oshirish va ta’lim tizimi xodimlariga qulay mehnat sharoitlarini yaratish borasida kelishib oldilar.

Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Bog’ot tuman bo‘linmasi kengashi

Добавить комментарий