Shofirkon tumani 28-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan «Navoiy yodida yashaymiz mudom» nomli g’azalxonlik kechasi bo’lib o’tdi. Mazkur tadbir ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi qo’mitasi tashabbusi bilan tashkil etildi va u katta qiziqish hamda ko’tarinki ruhda o’tdi.

Tadbir doirasida DMTT pedagoglari o’rtasida bellashuv tashkil etilib, ishtirokchilar turli yo’nalishlar bo’yicha o’z mahoratlarini namoyon qildilar. Xususan, «Eng yaxshi g’azalxon», «Eng yaxshi milliy raqs ijrochisi», «Hikmatlar sharhi» hamda «Eng yaxshi sahna ko’rinishi» kabi nominatsiyalar bo’yicha musobaqalar bo’lib o’tdi. Ishtirokchilar Alisher Navoiyning o’lmas ijodidan namunalar taqdim etib, uning hikmatli so’zlari, g’azallari va asarlari orqali milliy qadriyatlarimizga bo’lgan hurmat va e’tiborni namoyish etdilar.

Tadbir davomida so’z olgan qatnashchilar buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Alisher Navoiyning ilm-fan taraqqiyotiga qo’shgan hissasi, adabiyot rivojiga qo’shgan beqiyos merosi haqida fikr bildirdilar. Ular Navoiy asarlarining mazmun-mohiyati, yosh avlod uchun tarbiyaviy ahamiyatiga alohida urg’u berdilar. Tadbir davomida g’azallar o’qilib, sahna ko’rinishlari namoyish etildi hamda milliy raqslar ijro etildi.

Tadbir yakunida ta’lim muassasasi direktori Roziya Rajabova so’zga chiqib, g’olib ishtirokchilarni tabrikladi va tadbir tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirdi. Ushbu kecha ishtirokchilarga katta taassurot qoldirdi va Alisher Navoiy merosiga bo’lgan hurmatni yanada oshirdi.

Bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning muntazam o’tkazilishi yosh avlodni milliy qadriyatlar asosida tarbiyalash, ularning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirish va adabiyotga bo’lgan qiziqishini oshirishda muhim o’rin tutadi. Alisher Navoiy yodi esa har doim qalbimizda yashaydi!

O’zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Shofirkon tuman bo’linmasi kengashi

Добавить комментарий