Chirchiq shahar 5-umumiy oʻrta ta’lim maktabida maktab mehnat jamoasining umumiy yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Chirchiq shahar 5-umumiy oʻrta ta’lim maktabi faollar zalida 22-fevral kuni maktab mehnat jamoasining umumiy yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Mazkur yigʻilishda ta’lim muassasasi jamoasi, pedagog-xodimlar va maktab ma’muriyati vakillari ishtirok etdi.
Kun tartibiga muvofiq, 2023-2025-yillarga moʻljallab tuzilgan Jamoa shartnomasining 2024-yilda bajarilishi yuzasidan maktab direktori va Kasaba qoʻmitasi raisining hisobotlari tinglandi. Hisobotlarda o‘qituvchilarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish hamda pedagoglarning malakasini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, jamoa shartnomasining ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar.
Shuningdek, yig‘ilish davomida maktab kasaba uyushma tashkilotining 2020-yil fevral oyidan 2025-yil fevral oyigacha bo‘lgan faoliyati bo‘yicha hisobot-saylov yig‘ilishi ham o‘tkazildi. Ushbu jarayonda tashkilotning oldingi besh yillik faoliyati sarhisob qilinib, kasaba uyushmaning maktab pedagoglari va texnik xodimlarini himoya qilish, ularga ijtimoiy yordam ko‘rsatish borasidagi ishlari tanqidiy tahlil qilindi. Yangi davr uchun kasaba uyushma qo‘mitasi tarkibi shakllantirilib, uni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Yig‘ilish yakunida Oʻzbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Chirchiq shahar boʻlinmasi konferensiyasiga delegat saylandi. Ushbu delegat maktab mehnat jamoasining manfaatlarini himoya qilish, ta’lim sohasidagi dolzarb masalalarni ilgari surish hamda kasaba uyushmasi faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish uchun mas’uliyatli vakil sifatida ishtirok etadi.
Tadbir davomida ishtirokchilar kelgusida ta’lim sifati va mehnat jamoasi farovonligini oshirish bo‘yicha hamkorlikda ishlashga kelishib oldilar. Yig‘ilish o‘zaro fikr almashish, tahlil va muhokamalar ruhida o‘tib, muhim qarorlar qabul qilindi.
R.Gaziyeva,
O’zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Toshkent viloyati bo’yicha mas’ul tashkilotchisi