Sirdaryo tumanida kasaba uyushmasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Sirdaryo tumanida kasaba uyushmasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2025 yil O‘zbekiston kasaba uyushmalarida Hisobot-saylovlar yili sifatida belgilangan bo‘lib, ushbu jarayon doirasida mamlakatimizdagi barcha kasaba uyushmalari o‘z faoliyati yuzasidan hisobot berib, kelgusi faoliyatini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan muhim qarorlarni qabul qilmoqda.
Shu munosabat bilan 2025 yil 27 fevral kuni Sirdaryo tumanidagi 21-Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham kasaba uyushma tashkilotining hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda tashkilot rahbariyati, kasaba uyushma qo‘mitasi a’zolari, pedagog va texnik xodimlar ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda kasaba uyushma qo‘mitasining o‘tgan davrdagi faoliyati muhokama qilinib, uning samaradorligi tahlil qilindi. Hisobotda mehnat sharoitlarini yaxshilash, xodimlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlash va ularning huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Yig‘ilish qatnashchilari tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasining faoliyati “qoniqarli” deb baholandi.
Shundan so‘ng, ochiq ovoz berish tartibida tashkilot kasaba uyushma qo‘mitasi raisi saylandi. Saylov jarayoni ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga asoslangan holda o‘tkazildi.
Yig‘ilish davomida ishtirokchilarga so‘nggi yillarda yurtimizda, ayniqsa, mehnatkashlar manfaatlarini himoya qilish va ularning huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi. Xususan, muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, ularning ahamiyati va jamiyat rivojiga qo‘shayotgan hissasi haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan olib borilayotgan ishlar, mehnatkashlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va kelgusi rejalar haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Yig‘ilishda yana bir muhim tarixiy voqelik ta’kidlandi — joriy yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi keng nishonlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu yurtimizda kasaba uyushmalari faoliyatining tarixiy ahamiyati va ularning jamiyat rivojiga qo‘shayotgan hissasini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar tomonidan kasaba uyushmalari faoliyatini yanada rivojlantirish, xodimlar manfaatlarini himoya qilish va mehnat sharoitlarini yaxshilash borasida bir qator taklif va mulohazalar bildirildi. Ular umumiy muhokamadan so‘ng tegishli qarorlar shaklida qabul qilindi.
Bu kabi tadbirlar mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini ta’minlash va kasaba uyushmalari faoliyatini yanada samarali tashkil etish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Sirdaryo tumani kengashi
