Guliston tumanida kasaba uyushasi tashkiloti jamoa shartnomasining ijrosi hamda kasaba uyushma tashkilotining hisobot-saylov yig’ilishi bo’libo’tdi



O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Guliston tumani bo‘linmasi kengashi tasarrufidagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabida muhim tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda maktab ma’muriyati, o‘qituvchilar jamoasi va kasaba uyushma a’zolari ishtirok etdilar. Yig‘ilish kun tartibiga jamoa shartnomasining 2024-yildagi ijrosi, kasaba uyushma tashkilotining hisobot-saylov jarayonlari hamda kasaba uyushmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasi kiritildi.
Tadbir davomida 2023-2025-yillar uchun tuzilgan jamoa shartnomasining 2024-yildagi ijrosi yuzasidan batafsil hisobot taqdim etildi. Hisobotda kasaba uyushmasining o‘tgan yilda amalga oshirgan ishlari, jumladan, pedagog xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, mehnat sharoitlarini yaxshilash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.
So‘zga chiqqan ishtirokchilar kasaba uyushmalarining o‘qituvchilar va maktab xodimlari uchun yaratib berayotgan imkoniyatlari, imtiyozlari va mehnat sharoitlarini yaxshilash borasidagi faoliyatini ijobiy baholadilar. Shuningdek, dam olish va sog‘lomlashtirish oromgohlarida o‘qituvchilarning farzandlari uchun yaratilgan qulayliklar, xodimlar uchun imtiyozli yo‘llanmalar berilishi va boshqa ijtimoiy dasturlar haqida ham atroflicha ma’lumot berildi. Kelgusida maktab jamoasining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, mehnat qonunchiligiga muvofiq shart-sharoitlar yaratish borasida yangi taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Yig‘ilishda kasaba uyushmasi qo‘mitasining faoliyati qoniqarli deb topilib, yangi rahbariyat tarkibi shakllantirildi. Ochiq ovoz berish yo‘li bilan kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi etib Axmedova Shoira O‘ktamjonovna, qo‘mita raisi o‘rinbosari etib esa Ibragimova Nargiza Jumydullavna saylandilar. Shuningdek, qo‘mita a’zolari tarkibi hamda tuman tashkiloti konferensiyasiga delegatlar saylovi amalga oshirildi.
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan mutaxassislar O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining tarixi, ta’lim tizimida tutgan o‘rni va bugungi kundagi faoliyati haqida ma’lumot berdilar. Joriy yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi keng nishonlanishi rejalashtirilayotgani va ushbu sana doirasida turli tadbirlar o‘tkazilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Guliston tuman bo‘linmasi kengashi raisi O‘. Usanov ham ishtirok etdi. U o‘z nutqida kasaba uyushmalarining jamiyatdagi o‘rni, ularning muallimlar va ilm-fan sohasi xodimlariga taqdim etayotgan imkoniyatlari borasida fikr bildirdi. Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan tavsiyalar berdi.
Tadbir yakunida yig‘ilish ishtirokchilari kasaba uyushmasining ta’lim sohasi rivojiga qo‘shayotgan hissasini yuqori baholab, kelgusidagi faoliyat yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish borasida o‘z taklif va fikr-mulohazalarini bildirdilar. Kasaba uyushmalarining asosiy maqsadi ta’lim sohasi xodimlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda yanada qulay mehnat sharoitlarini yaratishdan iborat bo‘lib, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi yildan yilga ortib bormoqda.
O‘. Usanov,
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Guliston tuman bo‘linmasi kengashi raisi