Jizzax shahrida mehnat jamoasining umumiy yig‘ilishi va kasaba uyushma tashkilotining hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi



2025-yil 4-aprel kuni Jizzax shahri Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 29-umumiy o‘rta ta’lim maktabida kasaba uyushmasi qo‘mitasining navbatdagi hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda maktab jamoasi, kasaba uyushmasi a’zolari hamda mas’ul vakillar ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda maktab kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Inomova Ruxsora tomonidan 2020-yildan 2025-yil fevral oyigacha bo‘lgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil hisobot taqdim etildi. Hisobot davomida kasaba uyushmasi tomonidan mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, xodimlar o‘rtasida sog‘lom ijtimoiy muhit yaratish, dam olish va madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish borasida amalga oshirilgan sa’y-harakatlar alohida ta’kidlandi.
Tinglangan hisobot yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan keng muhokama qilindi va qo‘mitaning hisobot davridagi faoliyati “qoniqarli” deb topildi.
Shundan so‘ng, kasaba uyushmasi qo‘mitasining yangi raisini saylash bo‘yicha saylov jarayoni tashkil etildi. Saylov ochiq ovoz berish va muqobil nomzodlar asosida o‘tkazildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, eng ko‘p ovoz to‘plagan Inomova Ruxsora yana bir muddatga qo‘mita raisi etib qayta saylandi.
Yig‘ilish davomida qo‘mitaning yangi tarkibi ham shakllantirildi. Yangidan saylangan a’zolar o‘zlariga dublyorlar (o‘rinbosarlar)ni tanlab oldilar. Bu esa qo‘mita faoliyatining barqaror va tizimli olib borilishida muhim qadam bo‘ldi.
Tadbir yakunida may oyida bo‘lib o‘tadigan Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Jizzax shahar tashkilotining konferensiyasiga delegatlar saylandi.
Mazkur yig‘ilish nafaqat tashkilot faoliyatining tahlili va istiqbol rejalari muhokamasi bo‘ldi, balki jamoaning birligi, faolligi va kasaba uyushmasining ijtimoiy hayotdagi o‘rni yana bir bor namoyon bo‘ldi.
O’zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Jizzax shahar kengashi