Sirdaryo tumanidagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabida kasaba uyushma tashkilotining hisobot-saylov yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi



Joriy yilning 8-aprel kuni Ta’lim va fan hodimlari kasaba uyushmasi Sirdaryo tuman boʻlinmasi kengashi tasarrufidagi 27-umumiy o’rta ta’lim maktabida kasaba uyushma tashkilotining hisobot-saylov yig’ilishi bo‘lib o’tdi.
Mazkur yig‘ilish maktab jamoasi hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, unda so‘nggi yillarda kasaba uyushmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi. Yig’ilishga ishchi rayosat a’zosi, maktab direktori o’rinbosari B.Xidirboyev raislik qildi.
Kun tartibiga asosan, maktab kasaba uyushma qo’mitasi raisi M.Sanginovaning 2020-2024 yillarda kasaba uyushmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Hisoboti eshitildi. Ushbu davr mobaynida amalga oshirilgan tadbirlar, o‘qituvchilarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini yaxshilash hamda madaniy-ma’rifiy hayotni jonlantirishga qaratilgan loyihalar to‘g‘risida keng qamrovli axborot berildi.
Hisobot yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan qoniqarli deb topildi va ochiq ovoz berish yo’li bilan tashkilot kasaba uyushma qo’mitasi raisi saylab olindi. Ushbu jarayon demokratik tamoyillarga asoslangan holda, jamoatchilik fikrini inobatga olgan tarzda tashkil etildi.
Shuningdek, yig’ilish davomida ishtirokchilarga so’nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz rahnomaligida mamlakatimizda barcha sohalarda olib borayotgan tub islohotlar, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda bu yil O’zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi keng nishonlanishi haqida ma’lumotlar berildi.
Mazkur tarixiy sana munosabati bilan butun mamlakat bo‘ylab kasaba uyushmalari faoliyatini keng targ‘ib qilish, ularning jamiyatdagi o‘rni va rolini oshirish, shuningdek, mehnatkashlar manfaatlarini samarali himoya qilish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar o‘z fikr va takliflarini bildirishdi, kasaba uyushmasining kelgusidagi faoliyatini yanada takomillashtirish, jamoa manfaatlari yo‘lida yanada samarali ishlash bo‘yicha rejalar belgilandi. Ushbu tadbir maktab jamoasida birdamlik va hamjihatlikni kuchaytirish, ijtimoiy himoyani ta’minlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishiga xizmat qilishi shubhasiz.
O’zbekiston ta’lim va fan hodimlari kasaba uyushmasi Sirdaryo tuman boʻlinmasi kengashi
