“Sog‘lom tanda – sifatli ta’lim” shiori ostida Kasaba uyushmasi kubogi uchun sport musobaqalari davom etmoqda

Yurtimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, o‘quvchilarning jismoniy faolligini oshirish va ular orasida sportga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish maqsadida muntazam ravishda turli sport tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Ana shunday ezgu maqsad yo‘lida, “Sog‘lom tanda – sifatli ta’lim” shiori ostida Kasaba uyushmasi kubogi uchun sport musobaqalari davom etmoqda.

Bu musobaqalar doirasida «Sog’lom tanada – sifatli bilim» shiori ostida Nukus shahar o‘rta ta’lim muassasalarida sportning futbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka turlari bo‘yicha bellashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Xususan, 1-sektor 38-maktab, 2-sektor 21-maktab, 3-sektor 32-maktab hamda 4-sektor 6-maktablarda shaxmat, shashka va stol tennisi boʻyicha sport musobaqalari o‘tkazildi.

Musobaqalar jarayonida o‘quvchilar o‘zlarining intellektual salohiyati va jismoniy tayyorgarlik darajasini namoyon etishdi. Har bir sektor doirasida faol qatnashgan va yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar orasidan eng yaxshi sportchilar saralab olindi. Musobaqa yakunida eng yaxshi harakat qilgan sportchilar yuqori oʻrinlarga ega boʻlishdi. Shuningdek, har bir sektordan 1-oʻrinni egallagan ishtirokchilar musobaqaning shahar 2-bosqichiga yoʻllanmani qo‘lga kiritishdi.

Ushbu sport tadbirlari nafaqat jismoniy sog‘lomlikni mustahkamlash, balki o‘quvchilar orasida do‘stlik, hamjihatlik, sog‘lom raqobat muhitini yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, shaxmat va shashka musobaqalari ishtirokchilarning strategik fikrlash, sabr-toqat va aniqlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, Besh tashabbus olimpiadasi boʻyicha musobaqalarning qolgan turlari keyingi kunlarda belgilangan reja asosida tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu bosqichlarda ham o‘quvchilar o‘z salohiyatlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Mazkur sport tadbirlari o‘quvchilarning har tomonlama yetuk shaxs sifatida shakllanishida, sog‘lom turmush tarzini qadrlovchi va faol hayotga intiluvchi bo‘lib ulg‘ayishida muhim bosqich bo‘lib xizmat qilmoqda.

Foto lavhalar

O’zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar kengashi

Добавить комментарий