Jomboy tumanidagi faol pedagoglar Buxoro shahriga ziyorat safari uyushtirdilar

Jomboy tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan bir guruh ilg‘or pedagog va kasaba uyushma faollari uchun “O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi” munosabati bilan qadimiy Buxoro shahriga ziyorat sayohati tashkil etildi.

Mazkur tashabbus ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan, o‘z kasbiga fidoyi, namunali mehnati bilan ajralib turadigan pedagoglarni rag‘batlantirish, ularning madaniy hordiq chiqarishi va tarixiy yodgorliklar bilan yaqindan tanishishlariga imkon yaratish maqsadida amalga oshirildi.

Sayohat davomida ishtirokchilar Buxoro shahrining tarixiy va madaniy obidalarini tomosha qildilar. Jumladan, Ark qal’asi, Poyi Kalon majmuasi, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chor Minor madrasasi kabi yodgorliklarni ziyorat qilishdi. Ular ushbu maskanlarda o‘zbek xalqining boy tarixiy merosi, milliy qadriyatlari va me’morchilik san’atining betakror namunalari bilan tanishdilar.

Ziyorat doirasida sayohatchilar uchun tarixchilar va mahalliy gidlar tomonidan ma’lumot berildi, savol-javoblar o‘tkazildi. Pedagoglar o‘z taassurotlarini o‘rtoqlashar ekan, bunday tashabbuslar kasaba uyushmalarining a’zolar manfaatlarini himoya qilish, ularni ruhlantirish va yangi ish g‘oyalariga ilhomlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidlashdi.

Tashkil etilgan sayohat ishtirokchilarga nafaqat tarix bilan yuzma-yuz muloqot qilish, balki o‘zaro do‘stona aloqalarni mustahkamlash, kasbiy tajriba almashish, yangi g‘oyalar bilan qaytishga ham xizmat qildi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu ziyorat safari Jomboy tumanidagi kasaba uyushma tashkilotlari faoliyatining samarali natijasi bo‘lib, kelgusida ham pedagoglarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini oshirish yo‘lida amalga oshiriladigan tadbirlarning davomiy bo‘lishi kutilmoqda.

I. Raximov,
O’zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Samarqand viloyati bo’yicha mas’ul tashkilotchisi

Добавить комментарий