“Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil”: Konimexlik pedagoglar Buxoro va Samarqandga sayohat qildilar

Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Konimex tuman bo‘linmasi kengashi tomonidan muhim va esda qolarli tadbir tashkil etildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” shiori ostida yurtimizning eng qadimiy va tarixiy shaharlariga — Buxoro hamda Samarqandga sayohat uyushtirildi.

Mazkur sayohat ta’lim sohasi xodimlari uchun chinakam bayram va rag‘bat bo‘ldi. Unda jami 118 nafar pedagog, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda boshqa ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi. Sayohat davomida ular mamlakatimiz tarixida beqiyos o‘rin tutgan Buxoro va Samarqandning boy madaniy merosi, me’moriy obidalari, diqqatga sazovor maskanlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Buxoro shahrida ishtirokchilar Ark qal’asi, Poi-Kalon majmuasi, Mir Arab madrasasi, Labi Hovuz, Mag‘oki Attor masjidi kabi yodgorliklarni ziyorat qilishdi. Samarqandda esa Registon majmuasi, Shohi Zinda, Bibixonim masjidi, Ulug‘bek rasadxonasi kabi tarixiy maskanlarga tashrif buyurib, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni ko‘z bilan ko‘rishdi, ularning yaratgan ilm-fan, me’morchilik va madaniyat sohalaridagi yutuqlariga tan berishdi.

Sayohat davomida pedagoglar o‘zaro tajriba almashish, dam olish, tarixiy bilimlarini boyitish, bir-birlari bilan yanada yaqinroq tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Bu esa ularning ish faoliyatida motivatsiya, ruhiy ko‘tarinkilik va yangi kuch bag‘ishladi.

Tashkilotchilar tomonidan barcha tashkiliy ishlar puxta rejalashtirilgan bo‘lib, sayohat qatnashchilari uchun qulayliklar va xavfsizlik choralariga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi kabi muhim sana doirasida bunday sayohatlar nafaqat madaniy-ma’naviy hordiq, balki kasaba uyushmasi a’zolari bo‘lgan ta’lim sohasi xodimlariga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yaqqol ifodasidir.

Shubhasiz, bunday tadbirlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ta’lim fidoyilarining mehnatini e’tirof etish, ularni qadrlash va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning samarali vositalaridan biridir.

O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Konimex tuman bo‘linmasi kengashi

Добавить комментарий