Nukus shahrida kasaba uyushmalari faoliyatining 120 yilligiga bag‘ishlab o‘quv-seminar tashkil etildi



O‘zbekiston kasaba uyushmalari faoliyatining 120 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan “Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi haftaligi” doirasida yurtimizning barcha hududlarida turli xil mazmundagi tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Shu jumladan, O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘linmasi ham ushbu chora-tadbirlar rejasiga asosan o‘ziga xos ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Xususan, joriy yilning 23-aprel kuni Nukus shahar 10-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘linmasi tomonidan o‘quv-seminar tashkil etildi. Ushbu seminarning asosiy maqsadi — ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasining «Kasaba uyushmalari to‘g‘risida», «Pedagogning maqomi to‘g‘risida»gi qonunlari, «Mehnat kodeksi», shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi» hujjatlarining mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini tushuntirishdan iborat bo‘ldi.
Seminarda maktabning boshlang‘ich kasaba uyushmasi tashkiloti a’zolari faol ishtirok etdilar. Tadbir davomida ishtirokchilarga yuqorida qayd etilgan qonunlar va huquqiy hujjatlarning mazmuni, ular xodimlar uchun qanday huquq va kafolatlarni belgilab bergani, mehnat jarayonida munosib sharoitlar yaratishdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda davlat tomonidan xodimlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ijtimoiy himoya yo‘nalishida olib borilayotgan chora-tadbirlar keng yoritilib, tinglovchilarda ushbu masalalarga nisbatan katta qiziqish uyg‘otdi. O‘quv-seminar davomida kasaba uyushmalari faoliyatining 120 yilligiga bag‘ishlab tarixiy manbalarga tayangan holda tayyorlangan tarqatma materiallar ishtirokchilarga ulashildi.
Seminarda ishtirok etgan ushbu maktabning huquqshunoslik asoslari fani o‘qituvchisi G.Imolatdinova tomonidan Mehnat kodeksi yuzasidan keng tushuntirish berildi. Jumladan, kodeksga kiritilgan yangi o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha batafsil izohlar berilib, xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar tomonidan ko‘plab savollar berildi, ular o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan atroflicha ma’lumot olishdi va o‘quv-seminarning mazmunli, amaliy jihatdan foydali o‘tganini ta’kidlashdi.
E’tiborlisi shundaki, shu kabi o‘quv-seminarlar va uchrashuvlar Nukus shahridagi boshqa ta’lim muassasalarida ham chora-tadbirlar rejasi asosida izchil davom ettirib borilishi rejalashtirilgan.
Bu kabi tadbirlar kasaba uyushmalarining jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib qilish, ta’lim sohasi xodimlarining huquqiy bilimlarini mustahkamlash hamda ularning manfaatlarini himoya qilish yo‘lida muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Nukus shahar bo‘linmasi kengashi
