Oqdaryo tumanida Oʻzbekiston taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tuman tashkilotining I Konferensiyasi boʻlib oʻtdi


2025-yil 23-may kuni Oqdaryo tumanida Oʻzbekiston taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tuman tashkilotining I Konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Hisobot-saylov konferensiyasida soʻnggi besh yildagi faoliyat sarhisob qilinib, tuman boʻlinmasi kengashi raisi qayta saylandi.
Konferensiyada Samarqand viloyat kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Akbar Abdusaidov, Oʻzbekiston taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Samarqand viloyati boʻyicha mas’ul tashkilotchisi Iftixor Samadovich Rahimov va Oqdaryo tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Elyor Jamilov ishtirok etdi.
Konferensiya kun tartibidan Oʻzbekiston taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Oqdaryo tuman boʻlinmasi kengashining 2020-yil iyunidan 2025-yil mayigacha boʻlgan davrdagi ish faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlar oʻrin oldi. Tuman boʻlinmasi kengashi raisi Jamol Xudoyqulov va taftish komissiyasi raisi Tohir Qosimovning hisobotlari tinglandi. Delegatlar tomonidan ushbu hisobotlar «Qoniqarli» deb baholandi.
Saylov natijalari
Konferensiyada tuman boʻlinmasi kengashi raisligiga tavsiya etilgan nomzodlarga yopiq yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylov oʻtkazildi. Sanov komissiyasining xulosalariga koʻra, amaldagi rais J. Xudoyqulov 83.2 foiz ovoz bilan tuman boʻlinmasi kengashi raisligiga qayta saylandi.
Ushbu konferensiya kasaba uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish va tumandagi taʼlim xodimlarining ijtimoiy-huquqiy manfaatlarini himoya qilishda muhim qadam boʻldi.
I. Rahimov,
Oʻzbekiston taʼlim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Samarqand viloyati boʻyicha mas’ul tashkilotchisi
