O‘qituvchilar ijtimoiy himoyasi jamiyat rivojiga xizmat qiladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonimiz millati, tili, dinidan qat’i nazar, har bir inson o‘z qobiliyati va iste’dodini, bilim va tajribasini ro‘yobga chiqara oladigan ijtimoiy davlatga aylanmoqda. Bugungi kunda ta’lim va tarbiya sohasining bosh maqsadi – O‘zbekiston yoshlarini ilmli va vatanparvar etib tarbiyalashdan iboratdir.
Oxirgi 8 yilda ta’limni rivojlantirishga jami 216 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, shundan 19,5 trillion so‘m moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun sarfl angan. Buning hisobiga 6 mingta davlat maktabi va 3,5 mingta bog‘cha rekonstruksiya qilindi va yangidan qurildi. Natijada maktablarda 800 ming, bog‘chalarda 535 ming qo‘shimcha o‘rin yaratildi.
O‘qituvchilarga mahorati, ish staji, til bilishi, erishgan yutuqlariga qarab to‘lanadigan ustamalar soni 3 tadan 17 taga oshirilib, 10 million so‘mdan ziyod ish haqi oladigan o‘qituvchilar soni 6 ming nafardan oshdi.
Umumta’lim maktablari bitiruvchilarini oliy ta’limga qamrab olish darajasi so‘nggi 8 yilda 9 foizdan 40 foizga oshdi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya da ilk bor pedagog maqomi alohida belgilandi, joriy yilda esa O‘zbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”- gi qonuni qabul qilindi.
O‘qituvchilarning o‘z kasbiga jonkuyarligi, mashaqqatli mehnati natijasida o‘quvchilarimizning xalqaro fan olimpiadalaridagi natijalari sifat jihatdan yildan yilga o‘sib bormoqda. Masalan, 2021-2022-o‘quv yilida o‘quvchilarimiz 45 ta, 2023-2024-o‘quv yilida 121 ta medallarni qo‘lga kiritishdi.
Soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash va rag‘batlantirish Prezidentimizning doimiy e’tibor markazida. Taraqqiyot dasturi bo‘lmish “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ta’lim tizimini yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi maqsad va rejalar belgilangan.
Mana shunday sharafl i vazifani ado etishda muhtaram ustoz va murabbiylarga har tomonlama yordam va ko‘mak berish kasaba uyushmalarining ham burchi hisoblanadi.
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan yakunlangan yil sarhisobi sifatida o‘zining munosib mehnati bilan Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligiga, shuningdek, kasaba uyushmalari harakati rivojiga hissa qo‘shayotgan eng faol, fi doyi va tashabbuskor insonlar mehnatini e’tirof etish an’anaga aylanib bormoqda.
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi 2024-yilda 18 ming 500 tadan ziyod boshlang‘ich tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan 1 million 900 ming nafar kasaba uyushma a’zolarini qamrab olgan.
Soha xodimlarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari bilan tarmoq kelishuvlari imzolangan.
Tarmoq kelishuvlari xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy himoya qilish, ularning mehnati va dam olishini tashkil etish, salomatligini mustahkamlash, mehnat munosabatlarini yanada tartibga solish, mehnat qonunchiligi buzilishining oldini olish chora-tadbirlarini o‘z ichiga oladi. Tarmoq kelishuvlari doirasida ta’lim sohasi xodimlarini himoya qilgan holda bir qator ishlar olib borilmoqda.
Jumladan:
_ Ta’lim tizimidagi barcha qonun hujjatlarini qabul qilishda Respublika kengashi bilan kelishishga erishildi va rasman kelishilmagan hujjatlar bekor qilindi. Misol uchun, “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlarda ko‘plab taklifl arimiz inobatga olingan.
_ O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga majburiy mehnatga jalb qilgan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha Respublika kengashining taklifi Senat orqali kiritildi va bu taklif takomillashib, Jinoyat kodeksida o‘z aksini topdi. Jinoyat kodeksida aynan peda goglarga nisbatan mehnatga majburlash uchun jinoiy javobgarlik kiritilganligi e’tirofga loyiq.
_ Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining “Jismoniy tarbiya” fanining qish mavsumida qisqartirilayotgan o‘quv soatlarini saqlab qolish bo‘yicha bir necha oy muzokaralar olib borilib, 13 mingdan ziyod pedagoglarning huquqlarini tiklashga erishildi.
_ Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining ta’tilini qisqartirish taklifi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lgan qizg‘in munozaralar natijasida aynan kasaba uyush masi xulosasi g‘olib chiqib, ta’tilning avvalgi muddati saqlab qolindi.
_ Kasaba uyushmasi a’zolari, tarmoq tizimi xodimlarining huquqlarini himoya qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlar natijasida 203 million so‘m miqdorida xodimlar ning sog‘ligiga yetkazilgan zarar uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan pul mablag‘lari undirib berildi.
_ Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida pedagog xodimlarning uzaytirilgan mehnat ta’tillari Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilishi belgilangan, ammo ushbu hujjat o‘z vaqtida ishlab chiqilmadi. Mazkur masala ko‘plab munozarali holatlarni yuzaga keltirdi, hattoki rasmiy ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqish qilinib, mutasaddi tashkilotlar tanqid qilindi.
_ Pedagog xodimlarga aynan mala ka toifasiga mos ravishda haq to‘lanishi ham nazoratga olingan. Misol uchun, pedagoglarning ish haqi va bir qator ustamalar hisoblanishi maxsus kompyuter dasturlari orqali amalga oshiriladi. Ushbu dasturlarga ayrim qonunchilikdagi o‘zgartirishlarning kiritilishi kechikishi yoki joylarda noto‘g‘ri talqin qilish natijasida to‘lovlarda xatoliklar uchrab turadi. Joriy yilda ko‘plab pedagoglarning ish haqi to‘lovlari bo‘yicha ijobiy natijalarga erishildi.
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tashabbusi bilan ta’lim muassasalarida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan jamoaviy nizolarni hal etish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda doimiy asosda faoliyat yurituvchi Respublika tarmoq mehnat arbitraji tuzishga erishildi.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi qo‘shma dasturiga muvofiq 2024 yil 16–18-aprel kunlari Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarboyjon turdosh kasaba uyushmasi vakillari ishtirokida Buxoro shahrida Xalqaro Mehnat Tashkilotining “Mehnat sohasida zo‘ravonlik va ta’qibga barham berish to‘g‘risida”gi 190-sonli Konvensiyasiga bag‘ishlangan xalqaro seminar o‘tkazildi. Tarmoq kasaba uyushmasi tuman (shahar) bo‘linma kengashlari raislaridan 100 nafari va buxgalterlaridan 95 nafari, jami 195 nafar yetakchi faollarimiz O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Malaka oshirish instituti NTM o‘quv kurslarida malakalarini oshirdi.
Buning natijasida, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi hamda “1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bayramlari munosabati bilan ta’lim sohasida erishayotgan yuksak natijalari, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lgan yetuk avlodni shakllantirish yo‘lida munosib xizmat qilib kelayotgan hamda kasaba uyushmasi hayotida faol ishtirok etayotgan 100 nafar pedagog faxriylarga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan “Chinobod Plaza” sanatoriysiga bepul yo‘llanmalar berildi.
2024-yil davomida Kasaba uyushmasining hududiy, tuman(shahar) bo‘linma kengashlari hamda boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan 21 ming nafardan ziyod tarmoq xodimlari va ularning oila a’zolari, a’zolik badallari, shuningdek, ijtimoiy sug‘urta badallari hisobidan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi sanatoriylar va dam olish uylarida imtiyozli sog‘lomlashtirildi.
2024-yil yozgi mavsumida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tasarrufi dagi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamentiga qarashli oromgohlarda ta’lim tizimi xodimlarining jami 18 945 nafar farzandlari ham sog‘lomlashtirildi.
2024-yil mobaynida 90 ming nafarga yaqin maktabgacha, maktab, kasb-hunar va oliy ta’lim sohalari xodimlarining respublikamizning tarixiy Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlari hamda poytaxti azim Toshkent shahriga sayohatlari uyushtirildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Sport vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Sog‘lom tanda – sifatli ta’lim” sport musobaqalarida 210 mingdan ortiq umumta’lim maktablari xodimlarining ishtiroki ta’minlandi.
O‘zbekiston Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasining www.talim.kasaba.uz veb-sayti yangilanib, imkoniyatlari kengaytirildi.
Zamon talablaridan kelib chiqib tarmoq kasaba uyushmasining rasmiy Telegram kanali ham tashkil etilgan: @talimfankasaba
Bundan tashqari, kasaba uyushmasi a’zolari nizoli holatlarda murojaatlarini ishonch raqami yoki Telegram orqali yaratilgan maxsus bot @talimfankasabagamurojaat orqali yubora oladi.
Mazkur bot ikki yildan buyon uzluksiz ravishda 24/7 rejimida faoliyat yuritib kelmoqda.
Hozirgi kunda ta’lim yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan kichik biznes subyektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlarning yollanma xodimlarini jamoa shartnomalari bilan qamrab olish kampaniyasini olib boryapmiz. Bu orqali ko‘plab xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishga erishiladi.
Lazokat TURIKOVA,
O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi bosh mutaxassisi