Mirzo Ulug‘bek tumanida ta’lim sohasida mehnat muhofazasi muammolariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi

2025-yil 21-aprel kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati bilan “Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi haftaligi” hamda 28-aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kunini munosabati bilan “Ta’lim sohasida mehnatni muhofazasiga oid muammolarni bartaraf etish omillari” mavzusida seminar tashkil etildi.

Tadbirda tumandagi ta’lim muassasalari rahbarlari, kadrlar bo‘yicha mutaxassislar, kasaba uyushmasi qo‘mita raislari ishtirok etishdi.

Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi Muhummadamin Karimjonov “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonun (O‘RQ–798-son, 28.10.2022-y.), Yangi Mehnat kodeksi (7 bo‘lim, 34 bob, 581 moddadan iborat) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-yanvardagi PF-5635-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 135-bandiga asosan ishlab chiqilganligi haqida va boshqa muhim jihatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

M.M. Karimjonov o‘z ma’ruzasida jamoa shartnomasining mehnat munosabatlarini yuritishdagi ahamiyati haqida tushuntirishlar berdi. Jamoa shartnomasi imzolangan kundan eʼtiboran yoki jamoa shartnomasida belgilangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi va shartnomada nazarda tutilgan muddat ichida, biroq ko‘pi bilan 3 yil amal qilishi haqida gapirib o‘tdi.

O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining mehnatni muhofazasi masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Davronbek Samarbekov so‘zga chiqdi.

U mehnat muhofazasi — insonning mehnat jarayonidagi xavfsizligi, sihat-salomatligi va ish qobilyatining saqlanishiga qaratilgan tadbirlar, qonun hujjatlarida mehnat jarayonida qoʻllaniladigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy, texnik, sanitariya-gigiyena, davolash-profilaktika chora-tadbirlari belgilab qoʻyilganligi haqida so‘z yuritdi.

Mehnat qiluvchi shaxs xavfsizligi, salomatligi, mehnat qilish qobiliyatini himoyalash, sogʻlom mehnat sharoitlari yaratish, kasb kasalliklari yuz berish xavfini oldini olish, ishlab chiqarishda jarohatlanishlarga yoʻl qoʻymaslik kabilar mehnat muhofazasi oldidagi vazifalar hisoblanishini ta’kidladi. Shuningdek, Oʻzbekistonda xavfsiz va qulay mehnat sharoitida ishlash yuzasidan fuqarolarning huquqlari Konstitutsiyada (37-modda) mustahkamlanib qoʻyilganini eslatdi.

Ushbu konstitutsiyaviy kafolatni amalda roʻyobga chiqarilishiga qaratilgan aniq chora-tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida, «Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida»gi qonun (1993-yil 6-may)da, boshqa bir qator qonunlar va qonun osti normativ hujjatlarida belgilanganligi, Oʻzbekistonda mehnat muhofazasi uchun katta moliyaviy mablagʻlar ajratilishi va oʻzlashtirilishi, sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitida mehnat qilish huquqi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining eng asosiy mehnat huquqlaridan boʻlib hisoblanishini alohida qayd etdi.

Mehnat muhofazasiga oid talablar va standartlar Mehnat kodeksi, «Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida»gi qonun talablari asosida ishlab chiqariladigan korxona va tashkilotlarning ichki mehnat tartibi qoidalari, jamoa shartnomalari, tarmoq yoki mintaqaviy jamoa kelishuvlari, korxonalarning boshqa ichki normativ huquqiy hujjatlarida, muayyan soha, kasb, ish joylariga oid boʻlgan mehnat muhofazasi standartlarida belgilab qoʻyilishi, mulkchilik shakli va xoʻjalik yuritish usulidan qatʼiy nazar barcha korxona, muassasa, tashkilotlar oʻz xodimlari uchun sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitini yaratishi, xavfsizlik texnikasi choralarini koʻrishi, mehnatni muhofaza qilish xizmatlarini tashkil etishi, boshqa tashkiliy texnik tadbirlarni amalga oshirishi shartligi haqida qiziqarli ma’lumotlar berdi.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar Mehnat kodeksi va mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.

A. Raxmonov,
O’zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Toshkent shahar bo’linmasi kengashi raisi

Добавить комментарий