“Yashil Makon” umummilliy loyihasi doirasida “Ustozlar bog’i” tashkil etildi
Uchkoprik tumani hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tashabbusi bilan 25-umumta’lim maktabida “Yashil Makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan seminar davomida “Ustozlar bog’i” tashkil etildi.
Seminarda tuman hokimi o‘rinbosari Shuhratjon Pozilov ishtirok etib, “Yashil Makon” umummilliy loyihasi doirasida «Kuzgi daraxt ekish mavsumi» Uchkoprik tumanida ham keng ko‘lamda amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloq va mahallalarda, tashkilotlar va muassasalar hududlarida aholi, keng jamoatchilik, ishchi xodimlar va faoliyat yuritayotgan shaxslar tomonidan turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Natijada, hududlarda yashil maydonlar soni ortib bormoqda.
Seminarda barcha muassasalarda yuqori sifatli mevali va manzarali ko‘chatlarni ekish, har bir qarich yerda unumli foydalanish zarurligi va bu borada rahbarlarning tashabbuskorligi va fidoyiligi alohida ta’kidlandi.
Tadbirda ishtirok etganlar, nuroniy ota-onalar duosi bilan, maktab hududidagi “Ustozlar bog’i”ga jami 500 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekishdi. Bu ekilgan ko‘chatlar, nafaqat tabiatni yangilash, balki yosh avlodga tabiiy go‘zallikni qadrlashni o‘rgatish maqsadida ham alohida ahamiyatga ega.
Shuningdek, “Yashil Makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ezgu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, tuman hududidagi barcha tashkilotlar tomonidan daraxt ekib, bog‘lar yaratish ishlari davom etmoqda. Bu tashabbus, jamoatchilikni tabiatni asrashga undash, ekologik ongni oshirish va aholini tabiatga nisbatan mas’uliyatli bo‘lishga o‘rgatish yo‘lidagi katta qadamdir.
Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Uchkoprik tumani kengashi